O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasida xalqaro olimpiadaning yosh sovrindorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Noyabr 25, 2026. 09:30 • 2 daq

• 96

NYU-YORK, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida AQSHning Yel universitetida o‘tkazilgan “World Scholar’s Cup” xalqaro akademik musobaqasining final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Samarqand shahridagi “Oxford” xalqaro maktabi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Samarqandlik maktab o‘quvchilari mazkur nufuzli bellashuvda 60 ga yaqin oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdilar. Musobaqaning “Tournament of Champions” yakuniy bosqichida maktabning 18 nafar o‘quvchisi qatnashib, katta yosh toifasida 8 ta oltin va 26 ta kumush, kichik yosh toifasida esa 9 ta oltin va 16 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi. Yakka tartibdagi va jamoaviy sinovlarni o‘z ichiga olgan bahslarda ayrim ishtirokchilar to‘qqiztagacha mukofotni qo‘lga kiritdilar.

Uchrashuvda olimpiada natijalari, yoshlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik o‘quvchilarning xalqaro ta’lim dasturlari va akademik tanlovlardagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga taniqli o‘zbek siyosatshunosi Qudratilla Rafiqovning “Millat Shavkati” kitobi taqdim etildi. Unda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va yoshlar tarbiyasining o‘rnini oshirish masalalari atroflicha yoritilgan. O‘quvchilarga ushbu kitob nusxalari esdalik sifatida topshirildi.

Uchrashuv ishtirokchilari samarqandlik o‘quvchilarning ushbu yutuqlari O‘zbekiston yosh avlodining yuksak intellektual salohiyatidan dalolat berishini ta’kidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish