Braziliyalik nomzod saylovdagi mag‘lubiyatdan so‘ng AQShga yo‘l oldi
Oktabr 28, 2026. 14:00 • 3 daq
• 241
BRAZILIYA, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. 25-oktabr kuni Braziliyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Luis Inasiu Lula da Silvaga yutqazgan senator Flavio Bolsonaru pasportlari bekor qilinganidan bir necha soat o‘tib AQShga yo‘l oldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC Brasil” nashriga tayanib.
U Floridada ukasi Eduardo Bolsonaru bilan uchrashgan, biroq safar yo‘nalishi va senatorning keyingi rejalari noma’lumligicha qolmoqda.
Avvalroq Braziliya Oliy sudi pul yuvish gumoni bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida siyosatchiga 24 soat ichida pasportlarini topshirish majburiyatini yuklagan edi. Belgilangan muddat tugagach, hujjatlar bekor qilindi, Flavio Bolsonaruning advokatlari uning qayerdaligini bilmasligini ma’lum qilgan.
Senator mamlakatni tark etmoqchi emasligini va muxolifatga yetakchilik qilish niyatida ekanini ta’kidlagan edi. Ayni paytda, AQShdagi yuqori martabali manba Davlat departamenti unga va oila a’zolariga viza berishi hamda mamlakatga kirishga ruxsat etishini tasdiqladi.
Flavio Bolsonaru ehtimoliy moliyaviy qonunbuzarliklar bo‘yicha bir nechta tergov ishlarida tilga olinmoqda. Ulardan biri davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgani uchun 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va hozirda uy qamog‘ida saqlanayotgan otasi – sobiq prezident Jair Bolsonaru haqidagi filmni moliyalashtirish bilan bog‘liq.
Yana bir ish firibgarlik sxemasi orqali 1 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni legallashtirishda gumonlanayotgan advokatga borib taqaladi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, senator ushbu huquqshunosga tegishli kompaniyaning bank hisob raqamlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Flavio Bolsonaruning o‘zi advokat bilan biznes yuritganini rad etmoqda va pasportlarning olib qo‘yilishini o‘zini qo‘rqitishga urinish deb atamoqda. Mazkur tergovlar doirasida unga hali ayblov e’lon qilinmagan.
Shuningdek, Oliy sud politsiyaga senatorning saylovoldi kampaniyasi xorijdan moliyalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini tekshirishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Flavio Bolsonaru ayrim saylovoldi so‘rovnomalarida ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida amaldagi davlat rahbari Luis Inasiu Lula da Silvaga imkoniyatni boy berdi. Lula 51,79 foiz, uning raqibi esa 48,21 foiz ovoz to‘pladi. Oradagi farq taxminan 4,4 million ovozni tashkil etdi.
Flavio Bolsonaru mag‘lubiyatni tan olmadi va ovoz berish jarayonining ikki soatga uzaytirilishi uni noqulay ahvolga solib qo‘yganini aytib, natijalarni bekor qilishni talab qildi. Garchi ovoz berish vaqtini uzaytirishni uning partiyasi ham, raqibining tarafdorlari ham so‘ragan bo‘lsa-da, u bu qarorni “g‘irromlik” deb atadi.
Senator nomzodi ko‘rsatilgan Liberal partiya saylov natijalarini tan oldi, biroq ovoz berish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq holatlar tekshirilishi lozimligini bildirdi.
“Bloomberg” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi