O‘zbekistonda 2027-yilda AESning ikkita yirik energobloki qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda

Oktabr 28, 2026. 20:30 • 2 daq

• 101
O‘zbekistonda 2027-yilda AESning ikkita yirik energobloki qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda

LONDON, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. 2027-yilda Jizzax viloyatida har birining quvvati 1000 MVt bo‘lgan atom elektr stansiyasining ikkita yirik energobloki qurilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “World Nuclear News” portaliga tayanib.

Maqolada yozilishicha, Bo‘lajak AES maydonida allaqachon ikkita kichik modulli reaktor (KMR) qurilishi amalga oshirilmoqda. 2026-yil may oyida poydevorning birinchi beton plitasi quyilgan bo‘lib, u bilan bog‘liq ishlarni yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

“Rosatom” ma’lumotlariga ko‘ra, kichik reaktorlar yonida VVER-1000 reaktorlariga ega, har birining quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita energoblok joylashtiriladi. Hozirda maydonda muhandislik-qidiruv ishlari olib borilmoqda va loyiha takomillashtirilmoqda.

“Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyovning fikricha, ushbu loyiha hozirda eksport modeli bo‘yicha amalga oshirilayotgan dunyodagi yagona kichik atom elektr stansiyasi hisoblanadi.

Qurilish maydonida 1000 nafardan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Yaqin oylarda xodimlar sonini kamida ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Umumiy qurilish ishlarining katta qismini O‘zbekiston kompaniyalariga topshirish mo‘ljallanmoqda.

Shu bilan bir qatorda, uzoq muddatli ishlab chiqarish sikliga ega uskunalar tayyorlanmoqda. Kichik energobloklardan biri uchun reaktor korpusi allaqachon tayyor. KMRning birinchi bloki uchun tezkor xodimlarni ishga olishni 2027-yil oxiriga kelib boshlash rejalashtirilgan.

Stansiya yaqinida birinchi bosqichda 33 ming aholiga mo‘ljallangan “yadro shaharchasi”ni qurish rejalashtirilgan. Loyihada energiya tejamkor uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Portalda qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Rosatom” rahbari bilan uchrashuvida atom energetikasi uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda uy-joy qurilishi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish