O‘zbekiston va Misr farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi
Iyul 16, 2026. 19:00 • 2 daq
• 152
QOHIRA, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari hamda Misrning “Wadi Al Nile” va “STIO Life Sciences” farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Misr tomoni mehnat faoliyati, eksport salohiyati va O‘zbekiston bilan davlat darajasidagi strategik-investitsiyaviy hamkorlik xususida so‘z yuritdi.
“Wadi Al Nile” kompaniyasi gemodializ uchun yuqori texnologiyali uskunalar, qonni tozalash preparatlari va sarflash materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya hozirgi kunda Saudiya Arabistoni va Ganada yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
“STIO Life Sciences” esa ISO xalqaro sifat standartlariga mos zamonaviy dori vositalari, og‘riq qoldiruvchi preparatlar hamda nafas olish tizimi kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan tibbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxona hisoblanadi.
Bozor tahlillariga ko‘ra, mazkur kompaniyalar Misr va Yaqin Sharq mintaqasi bozorining salmoqli qismini tibbiy jihozlar bilan taʼminlab kelmoqda.
Uchrashuvda xorij tomoni O‘zbekistonda gemodializ uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagani va bunday jihozlarning hozirda xorijdan import qilinayotganiga eʼtibor qaratdi. Shu bois, misrlik ishbilarmonlar mamlakatimizda qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Loyihani batafsil ishlab chiqish maqsadida investorlar O‘zbekistondagi mavjud bozor ehtiyojlari, yer maydonlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan davlat imtiyozlariga doir maʼlumotlar bilan qiziqdi.
Bundan tashqari, Misr tomoni o‘zbek delegatsiyasini 2026-yil sentyabr oyida Qohirada bo‘lib o‘tadigan tibbiyot sohasidagi yirik “Pharmaconex” xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi