Pokistonning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda mehmonxona biznesiga investitsiya kiritmoqchi

Avgust 10, 2026. 09:00 • 2 daq

114
Pokistonning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda mehmonxona biznesiga investitsiya kiritmoqchi

ISLOMOBOD, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev “Khan International Investment Consortium” kompaniyasi bosh direktori Habib Xan bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida elchi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatda shakllantirilgan qulay investitsiya muhiti, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda yurtimizning boy sayyohlik salohiyati haqida so‘z yuritdi.

Habib Xanning aytishicha, “Khan International Investment Consortium” kompaniyasi nafaqat Pokistonda, balki AQSHda ham mehmonxonalarni boshqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.

“Biz O‘zbekistondagi yirik mehmonxonalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va AQSHning nufuzli “Best Western” xalqaro mehmonxona brendini mamlakatingiz bozoriga olib kirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun mazkur brendning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishi bo‘yicha tegishli rozilik olingan”, – dedi u.

Uchrashuv davomida Toshkent viloyatida mehmonxona biznesini rivojlantirish, ko‘chmas mulk va zamonaviy turar joy majmualarini barpo etish sohalariga investitsiyalar jalb qilish, “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Zomin tumanida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tomonlar muhokama qilingan istiqbolli loyihalarni har tomonlama o‘rganish va amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida “Khan International Investment Consortium” delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

“Khan International Investment Consortium” oilaviy biznes tuzilmasi hisoblanadi. U ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, elektr transport vositalari ishlab chiqarish, energetika va qurilish sohalarida faoliyat yuritadi. Konsorsium AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Pokistonda turli biznes loyihalarini amalga oshirgan hamda 24 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish