O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni ilk bor 20 mingdan oshdi
Iyul 20, 2026. 16:30 • 2 daq
• 212
TOSHKENT, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 6 oyda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 20 ming 502 taga yetdi va tarixda ilk bor 20 minglik marra zabt etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, korxonalarning umumiy sonidan 4 ming 611 tasi qo‘shma korxonalar, 15 ming 891 tasi esa to‘liq xorijiy korxona hisoblanadi.
So‘nggi besh yil ichida respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 1,4 baravarga oshdi, bu mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi izchil mustahkamlanayotgani va xalqaro ishbilarmonlik hamkorligi kengayayotganini aks ettiradi.
Xorijiy kapital ishtirokidagi eng ko‘p korxonalar Xitoy investorlari ishtirokida ro‘yxatga olingan — 6 ming 60 ta. Keyingi o‘rinlarni Rossiya — 3 ming 454 ta, Turkiya — 2 ming 293 ta, Qozog‘iston — 1 ming 307 ta, Janubiy Koreya — 725 ta, Afg‘oniston — 685 ta, Ozarbayjon — 473 ta, Tojikiston — 455 ta, BAA — 440 ta va Hindiston — 426 ta egallab turibdi.
Ekspertlarning fikricha, xorijiy kapitalga ega korxonalar sonining 20 minglik marradan oshishi investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ifodalaydi. Xalqaro investitsiyaviy ishtirokning kengayishi yangi ish o‘rinlari va ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini rivojlantirish va mamlakatning jahon iqtisodiy jarayonlariga integratsiyalashuvini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi