Logo

O‘zbekistonda kelgusi besh yilda YIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish rejalashtirilgan

Yanvar 06, 2026. 17:33 • 3 daq

329
O‘zbekistonda kelgusi besh yilda YIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish rejalashtirilgan
O‘zbekistonda kelgusi besh yilda YIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish rejalashtirilgan
O‘zbekistonda kelgusi besh yilda YIM hajmini 240 milliard dollardan oshirish rejalashtirilgan

TOSHKENT, 6-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ommaviy axborot vositalari uchun Kontent tayyorlash markazida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasining jamoatchilik muhokamasi jarayonlari boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur anjumanda yetakchi ekspertlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini taʼkidlagan edi. Shu maʼnoda, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligi aytilgan.

2023-yilda qabul qilingan bu dasturiy hujjat barcha soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga zamin yaratmoqda. Kambag‘allik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 103 milliard dollardan 145 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi 25 milliard dollardan 33,4 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi 17 milliard dollardan 43 milliard dollarga oshdi.

Ikki yil oldin 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. Endi bu marraga 2026-yilning o‘zida erishilishi kutilmoqda. Murojaatnomada kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi. Yaʼni barcha sohalar bo‘yicha yuqori marralar olinyapti.

2023-yilda aholimiz soni 36,7 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 41 millionga yetishi prognoz qilinmoqda. Har bir yangi maqsadni ushbu o‘sishni inobatga olib belgilash bugungi kunning muhim talabi hisoblanadi.

Ushbu o‘zgarish va natijalarni hisobga olib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ilmiy markazlarning 350 nafardan ortiq vakillari ishtirokida Strategiyadagi barcha 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi bugungi kun nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.

Matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, unda belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligida muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

“So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida muayyan yutuqlarga erishildi, bir vaqtning o‘zida esa hayotning o‘zi yangi vazifalar, yangi talablar va yangi chaqiriqlarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Shu bois strategiyani mavjud real sharoit, jamiyat ehtiyojlari hamda jadal o‘zgarayotgan global tendensiyalardan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitgan holda, mamlakatning o‘rta muddatga mo‘ljallangan rivojlanish yo‘lini yana-da samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishdir”, – deydi Eldor Tulyakov.

Anjuman davomida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, unga o‘z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etish bo‘yicha maʼlumot berildi.

Matbuot anjumani yakunida masʼullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytardi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish