Logo

“London Post”: O‘zbekiston mamlakatdagi birinchi sunʼiy intellekt tizimini ishga tushirdi

Yanvar 07, 2026. 16:29 • 2 daq

283
“London Post”: O‘zbekiston mamlakatdagi birinchi sunʼiy intellekt tizimini ishga tushirdi

LONDON, 7-yanvar. / “Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning ommabop “London Post” nashrida “O‘zbekiston o‘zining ilk milliy sunʼiy intellekt tizimini taqdim etdi: “BONU AGI” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“O‘zbekiston mamlakatdagi birinchi sunʼiy intellekt tizimi — “BONU AGI”ni ishga tushirish orqali raqamli mustaqillik sari muhim qadam tashladi. Ushbu loyiha global sunʼiy intellekt platformalarini shunchaki joriy etishdek keng tarqalgan amaliyotdan voz kechib, buning o‘rniga O‘zbekistonning madaniy, ijtimoiy va tarixiy kontekstiga asoslangan modelni taklif etadi”, - deb yozgan muallif.

Nashrda qayd etilishicha, bugungi kunda foydalanilayotgan sunʼiy intellekt (SI) tizimlarining aksariyati minimal farqlanish bilan turli jamiyatlarda ishlashga mo‘ljallangan universal tuzilmalar asosida qurilgan. Bunday modellar samarali bo‘lsa-da, ular ko‘pincha bir muhim jihatni eʼtibordan chetda qoldiradi: real dunyoda qaror qabul qilish ko‘p jihatdan madaniy normalarga, jamoaviy xotiraga, til modellariga va milliy tajribaga bog‘liq. “BONU AGI” sunʼiy intellekti esa madaniy vakuumda mavjud bo‘lmasligi kerak degan g‘oya asosida yaratilgan.

“BONU AGI” foydalanuvchi so‘rovlarini mahalliy ijtimoiy va madaniy xususiyatlar prizmasi orqali talqin qiladi. Bu tizimga O‘zbekiston aholisining qanday muloqot qilishi, qanday fikr yuritishi va savollarni qanday shakllantirishini yaxshiroq aks ettirish imkonini beradi. Shu maʼnoda, “BONU AGI” mavjud xorijiy platformalarning mahalliylashtirilgan nusxasi emas, balki kontekstual xabardorlikka ustuvorlik beradigan SI ishlab chiqishdagi muqobil yondashuvdir. Loyiha Baxtiyor Boboxonov, Sardorbek Tursunbekov va Otabek Siddiqov kabi ekspertlar tomonidan ishlab chiqildi”,- deya taʼkidlangan maqolada.

Maqola xulosasida, “BONU AGI” shunchaki yangi raqamli mahsulotdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. U sunʼiy intellektning milliy kontekstga qarab qanday shakllanishi mumkinligi haqida dastlabki namunani taqdim etadi va o‘z madaniy hamda ijtimoiy o‘zligini aks ettiruvchi SI tizimlarini ishlab chiqishga intilayotgan boshqa davlatlar uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, - deb fikr bildirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish