“Times Kuwait” gazetasi: O‘zbekistonda Ko‘rfaz arab davlatlari uchun 30 kunlik vizasiz rejim sayyohlar sonini sezilarli darajada oshirdi
Yanvar 07, 2026. 16:05 • 2 daq
• 207
AL-KUVAYT, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ingliz tilida chop etiluvchi “Times Kuwait” haftalik gazetasida “Kuvaytliklar uchun vizasiz tartibning joriy etilishi O‘zbekistonga sayyohlar oqimini keskin oshirdi” nomli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston turizm sohasi nafaqat iqtisod uchun, balki tashrif buyuruvchilarni mamlakatning qadimiy merosi, boy anʼanalari va milliy o‘ziga xosligi bilan tanishtiradigan madaniy ko‘prik sifatida xizmat qilmoqda.
2025 yilda turizm sohasida katta islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi loyihalarni ishga tushirish, xizmat ko‘rsatish standartlarini yaxshilash va xalqaro hamkorlik kengaytirildi. Bu yutuqlar turizm sohasida ishlaydigan mutaxassislarning doimiy saʼy-harakatlari natijasidir.
O‘zbekiston 2025 yilda 11 milliondan ortiq xalqaro sayyohlarni qabul qildi. Bu oyiga o‘rtacha bir millionga yaqin tashrif buyuruvchi bo‘lgan tarixiy rekordni o‘rnatdi hamda mamlakatni mintaqa va dunyoning yetakchi sayyohlik yo‘nalishlari qatoriga qo‘ydi.
2025 yil 1 iyundan boshlab Ko‘rfaz arab davlatlari, xususan Kuvayt fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz kirish tartibining joriy etilishi Ko‘rfazdan kelayotgan sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishiga turki bo‘ldi.
2025 yilda O‘zbekistonga ming nafarga yaqin kuvaytlik sayyoh borgan. Bu kuvaytliklar orasida O‘zbekistonning rivojlanayotgan va o‘ziga xos sayyohlik maskani sifatidagi qiziqishining tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi