Dehlida O‘zbekiston-Hindiston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
May 13, 2026. 21:09 • 2 daq
• 84
TOSHKENT, 13-may. /“Dunyo” AA/. Bugun Dehli shahrida O‘zbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 17-davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralarda O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev, Hindiston tomoniga esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sibi Jorj boshchilik qildi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama markazida bo‘ldi.
Tomonlar turli yo‘nalishlardagi aloqalar ko‘lami izchil kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiyot, taʼlim, turizm va fuqarolik aviatsiyasi tarmoqlarida yuqori natijalarga erishilayotganiga to‘xtalib o‘tildi. Hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mavjud qulay imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida xalqaro maydondagi hamkorlik masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, ko‘p tomonlama tuzilmalar va xalqaro platformalar doirasidagi aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




