TDT doirasidagi strategik sheriklik va mushtarak maqsadlar umumiy taraqqiyotimizni yanada yuksaltiradi

Oktabr 30, 2026. 08:10 • 7 daq

• 167
TDT doirasidagi strategik sheriklik va mushtarak maqsadlar umumiy taraqqiyotimizni yanada yuksaltiradi

ANQARA, 30-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning Anqarada bo‘lib o‘tadigan 13-sammiti arafasida turkiyalik olimlar, ekspertlar va jamoat arboblari “Dunyo” AAga turkiy davlatlar hamkorligi, xususan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ilyos Topsakal, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, professor:

– O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy dunyoning tarixiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Samarqand, Buxoro va Xivada shakllangan ilm-fan, adabiyot va ma’rifat an’analari turkiy xalqlar sivilizatsiyasi rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Movarounnahr ilmiy merosining Anado‘li va Usmoniylar madaniyatiga ta’sirini chuqur o‘rganish umumiy tariximizni yanada teran anglashga yordam beradi.

Tarixiy merosni asrash bilan birga, uni zamonaviy hamkorlik uchun asosga aylantirish muhim. O‘zbekiston va Turkiyaning ta’lim, ilm-fan, madaniyat va savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalarini kengaytirish, Ozarbayjon, Qozog‘iston va mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash transport, savdo va iqtisodiyot rivojiga xizmat qiladi.

Universitetlar, ilmiy markazlar va ziyolilar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali turkiy dunyoning xalqaro maydondagi salohiyatini yanada oshirish mumkin.

Ruhiy Ersoy, Ahmad Javod tadqiqot instituti retori, professor:

– Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning rivojlanishi qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy yaqinlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyatdir.

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarda shakllangan ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan butun Turkiy dunyoning umumiy tarixiy merosida alohida o‘rin egallaydi. Bu merosni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning vazifamizdir.

TDT doirasida transport va savdo yo‘laklarini rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, ta’lim va ilm-fan bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Tarixiy yaqinlikni zamonaviy iqtisodiy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish orqali turkiy davlatlar xalqlar farovonligiga xizmat qiluvchi uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda.

Aynur O‘zjan, Anqara universiteti professori:

– Qariyb 35-yildan buyon Anqara universitetida o‘zbek tilidan dars berayotgan mutaxassis sifatida O‘zbekiston Prezidentining sammitda ishtirok etishini katta quvonch bilan qarshi olaman. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlik va mushtarak madaniy merosning ifodasidir.

O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, demografik imkoniyatlari va boy madaniy merosi TDT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Tashkilot Bosh kotibligiga O‘zbekiston vakili nomzodining ma’qullanishi ham umumiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolar merosi barcha turkiy xalqlar uchun umumiy ma’naviy boylikdir.

O‘zbek tili va adabiyotini targ‘ib qilish, universitetlararo hamkorlikni, talabalar va olimlar almashinuvini kengaytirish xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlaydi. Sammit doirasidagi qarorlar xalqlar farovonligi, mintaqaviy barqarorlik va umumiy taraqqiyotga xizmat qilishi lozim.

Kemal Kurnaz, Turkiy dunyo fuqarolik jamiyati hamkorligi uyushmasi (TÜRKSİT) raisi:

– O‘zbekiston buyuk tarix, boy ma’naviy meros va asrlar davomida shakllangan qardoshlik ramzidir. Samarqand, Buxoro, Xiva va Farg‘ona, shuningdek, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi butun turkiy dunyoning umumiy madaniy xotirasida muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi 2,2 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ko‘lamini ko‘rsatadi. Bunday hamkorlik yangi ish o‘rinlari yaratish va mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Davlatlararo kelishuvlar bilan bir qatorda, tadbirkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari hamda yoshlar o‘rtasidagi bevosita muloqotni kengaytirish zarur.

O‘zbek tili va adabiyotini Turkiyada, turk tili va madaniyatini O‘zbekistonda targ‘ib qilish, ta’lim va madaniy almashinuv dasturlarini rivojlantirish muhim. Xalqlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlar mustahkam birodarlikning asosidir.

Mehmet Seyfettin Erol, “ANKASAM” tahlil markazi raisi, siyosatshunoslik fanlari doktori, professor:

– TDTning Anqaradagi 13-sammiti global beqarorlik va geosiyosiy raqobat sharoitida turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyatdir.

O‘zbekiston va Turkiyaning yaqin munosabatlari nafaqat ikki tomonlama aloqalar, balki butun Turkiy dunyo barqarorligi va taraqqiyoti uchun ham ahamiyatli.

O‘zbekistonning mintaqaviy muloqotni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari TDT faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilishi mumkin.

Tashkilotning kelgusi faoliyatida transport va logistika, savdo, energetika hamda raqamli texnologiyalar ustuvor yo‘nalishlar bo‘lishi zarur. O‘rta koridor imkoniyatlarini kengaytirish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, ta’lim, ilm-fan, ekologik diplomatiya va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikka ham e’tibor qaratish lozim. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, ekologik muammolarni hal etish borasidagi tajribasi turkiy davlatlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Eng muhimi, umumiy maqsadlar aniq rejalar, muvofiqlashtirilgan harakatlar va amaliy natijalar bilan ta’minlanishi kerak.

Xalit Hamzao‘g‘li, Kavkaz universiteti dotsenti, xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert:

– TDTning 13-sammiti turkiy mamlakatlar hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyatdir.

2009-yilda tashkil etilgan tashkilot bugun madaniy yaqinlikni mustahkamlash bilan birga, transport, energetika, savdo va raqamli texnologiyalar sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirmoqda. O‘zbekistonning 2019-yilda tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uning salohiyatini yanada oshirdi.

O‘zbekistonning strategik geografik o‘rni, iqtisodiy imkoniyatlari va barcha a’zo davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilishi umumiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Buning uchun mavjud salohiyatni aniq iqtisodiy natijalarga aylantirish zarur.

Xususan, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish va texnik standartlarni muvofiqlashtirish savdo aloqalarini mustahkamlaydi.

O‘zbekiston Prezidentining sun’iy intellekt sohasida hamkorlik mexanizmini yaratish va “Raqamli turkiy yo‘lak” konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflari ham muhim ahamiyatga ega. Ularni amaliy loyihalar bilan qo‘llab-quvvatlash kiberxavfsizlik, elektron bojxona va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Nojiy Yengin, Turkiy dunyo strategik tadqiqotlari markazi (TARSAM) eksperti:

– O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining asosini tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat va ma’naviy qadriyatlar tashkil etadi.

O‘zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishgach, ikki mamlakat aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Turkiyaning O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlatlardan biri bo‘lishi va 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlik til, urf-odat va adabiy merosda ham namoyon bo‘ladi. Shu bois universitetlar, ilmiy markazlar va madaniy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni, qo‘shma tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni kengaytirish muhim.

O‘zbekistonning demografik salohiyati, tabiiy resurslari va strategik geografik o‘rni TDT doirasidagi hamkorlik uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Turizm, qurilish, energetika, savdo, ta’lim va texnologiya sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish ikki mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini birlashtiradi. Tashkilotning asosiy vazifasi tarixiy va madaniy yaqinlikni amaliy hamkorlik bilan boyitishdan iborat.

Nejdet Unuvar, Anqara universiteti rektori, professor:

– O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining asosini xalqlarimizni birlashtiruvchi tarixiy ildizlar, mushtarak qadriyatlar va samimiy birodarlik tashkil etadi.

Xiva, Urganch, Buxoro, Samarqand va Toshkentga tashriflarim davomida bu yaqinlikni yanada chuqur his qildim. Ayniqsa, o‘zbek yoshlarining odob-axloqi, muomala madaniyati va milliy qadriyatlarga hurmati katta taassurot qoldirdi. Tillarimizning yaqinligi ham xalqlarimizning bir-birini anglashida muhim o‘rin tutadi.

Bugun ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar almashinuvi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish zarur. Anqara universiteti va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish yangi imkoniyatlar ochadi.

Universitetimiz turkiy dunyo, xususan, O‘zbekiston bilan ushbu yo‘nalishlardagi aloqalarni mustahkamlashga tayyor. Mushtarak kelajagimiz o‘zaro ishonch va birodarligimizni yanada rivojlantirishimizga bog‘liq.

TDT sammiti haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, ushbu yig‘ilish qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi tarixiy va madaniy yaqinlikni amaliy hamkorlik bilan boyitishiga ishonaman.

Eng muhimi, TDT doirasidagi strategik sheriklik va mushtarak maqsadlar umumiy taraqqiyotimizni yanada yuksaltiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish