Lyublyanadan munosabat: AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi xalqaro munosabatlarning yanada muvozanatli tizimini shakllantirishga xizmat qiladi

Oktabr 22, 2026. 10:30 • 2 daq

• 124
Lyublyanadan munosabat: AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi xalqaro munosabatlarning yanada muvozanatli tizimini shakllantirishga xizmat qiladi

LYUBLYANA, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Sloveniya–Markaziy Osiyo munosabatlari bo‘yicha ekspert, Sloveniya Yangi universitetining xalqaro munosabatlar kafedrasi dots.nti Denis Manchevich “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida AQSh davlat kotibi Marko Rubioning 18-20 oktyabr kunlari O‘zbekistonga amaliy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston, umuman, mintaqaning jadal rivojlanishini katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Joriy yilning may oyida amalga oshirgan safarim chog‘ida mamlakatingizning rivojlanish sur’ati va uning ulkan salohiyati menda chuqur taassurot qoldirdi.

AQSh davlat kotibining Samarqandga tashrifi O‘zbekiston olib borayotgan tashqi siyosatning muvaffaqiyatidan dalolat beradi. AQSh uchun bu geosiyosiy jihatdan g‘oyat muhim va jadal rivojlanayotgan mintaqada o‘zining strategik ishtirokini mustahkamlash imkoniyatidir.

O‘zbekiston uchun bu xalqaro sheriklikni diversifikatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.

AQShning “C5+1” formatidagi ishtiroki xavfsizlik sohasidagi umumiy vazifalarni hal etish va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu butun mintaqaning yanada barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. AQSh uchun bu format Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ham siyosiy, ham, ayniqsa, iqtisodiy sohada yanada keng qamrovli hamkorlik qilish imkoniyatlarini ochadi.

Mintaqada 200 ta Amerika kompaniyasining faoliyat yuritayotgani iqtisodiy manfaatlarga sezilarli daraja ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, energetika va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlik AQSh, O‘zbekiston va bilvosita Yevropa manfaatlari sezilarli darajada mos keladigan yo‘nalishlar sirasiga kiradi.

Yevropa Ittifoqi, o‘z navbatida, Sloveniya nuqtayi nazaridan, Markaziy Osiyoda barqarorlik, suverenitet va iqtisodiy ochiqlikning mustahkamlanishi nihoyatda ijobiy tendensiyadir. Yevropa Ittifoqi, eng avvalo, energetika va o‘ta muhim xomashyo sohalarida yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilish maqsadida ishonchli sheriklikni shakllantirishga faol intilmoqda.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi xalqaro munosabatlarning yanada muvozanatli tizimini shakllantirish va muqobil savdo yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi, bu esa uzoq muddatli istiqbolda Yevropaning geosiyosiy va geoiqtisodiy mavqeiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish