Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyoni xalqaro muloqotning yangi cho‘qqisiga olib chiqmoqda

Oktabr 21, 2026. 14:30 • 3 daq

• 165
Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Markaziy Osiyoni xalqaro muloqotning yangi cho‘qqisiga olib chiqmoqda

ANQARA, 21-oktyabr. /“Dunyo” AA/. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoni tobora faol ravishda xalqaro muloqot maydoniga aylantirib, dunyoning yetakchi davlatlari va yirik iqtisodiy markazlarini mintaqa atrofida birlashtirmoqda.

Samarqand, Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlarida nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun mintaqaning kelajagi muhokama qilinadigan uchrashuvlar tobora ko‘proq o‘tkazilmoqda.

Bu faollashuv ortida Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamjamiyat e’tiborini Markaziy Osiyoga jalb etish, uning umumiy manfaatlar va uzoq muddatli maqsadlarga ega mintaqa sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosati turibdi.

Samarqandda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqot ushbu tendensiyaning davomi bo‘ldi. AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlatini birlashtirgan “C5+1” formati jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar fonida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Vashington mintaqani energetika, transport, o‘ta muhim minerallar va savdo sohalarida salmoqli hamkor deb biladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu – investitsiyalarni jalb qilish, texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish va xalqaro iqtisodiyotda o‘z mavqeini mustahkamlash imkoniyatidir.

Muhimi, mintaqa nafaqat tashqi hamkorlarning tashabbuslariga javob qaytarmoqda, balki muloqot kun tartibini tobora ko‘proq o‘zi shakllantirmoqda.

Bunday diplomatiyani ilgari surishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘rni alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bilan bir qatorda, Turkiya, AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa sheriklar bilan munosabatlarni izchil rivojlantirmoqda.

Bunday yondashuv Toshkentga faqat bir yo‘nalish bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro aloqalarni kengaytirish imkonini beradi. Fikrimcha, O‘zbekistonning hozirgi siyosatidagi kuchli jihatlardan biri – tashqi dunyoga ochiqlikni mintaqa mustaqilligini mustahkamlash hamda umumiy iqtisodiy taraqqiyot uchun sharoit yaratishga intilish bilan uyg‘unlashtira olganidadir.

Samarqand bu borada ramziy maydonga aylanmoqda. Shahar asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab, savdo va madaniy almashinuv markazi vazifasini o‘tagan. Bugungi kunda bu tarixiy missiya davom etmoqda: transport yo‘laklari, energetika loyihalari, raqamli iqtisodiyot va o‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik Yevroosiyo aloqalarining yangi geografiyasini shakllantirmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozorlarini Kaspiybo‘yi mintaqasi, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bilan bog‘lagan holda, ushbu tizimning asosiy bo‘g‘inlaridan biriga aylanishi mumkin.

Bugun Samarqand mintaqaning global jarayonlardagi o‘rni ortib borayotganining ramziga aylanmoqda. Bu borada O‘zbekistonning faol diplomatiyasi, uning ochiqligi va keng xalqaro muloqotga intilishi alohida ahamiyatga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish