Kiyevdan munosabat: Turkiston sammitida O‘zbekiston bildirgan tashabbuslar TDT integratsiyasini yana-da yuksaltiradi
May 18, 2026. 15:55 • 2 daq
• 21
KIYEV, 18-may. /“Dunyo” AA/. Ukraina “Fuqarolik jamiyatini o‘rganish” markazi eksperti Aleksandr Buryachenko “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan munosabat bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida bildirgan takliflari mamlakatning yuqori texnologiyalar sohasini rivojlantirishda yetakchi o‘rinni egallashga bo‘lgan imkoniyati va intilishini namoyon etmoqda.
Turkiston shahrida “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusiga bag‘ishlangan TDTning norasmiy sammiti ishtirokchi davlatlar o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik harakatlarini muvofiqlashtirish, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikka oid dolzarb masalalarni muhokama qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning takliflari alohida eʼtiborga molik. U TDT aʼzolari o‘rtasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratishni taklif qildi. Toshkent so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda erishgan yutuqlarini inobatga olganda, mazkur tashabbusning lokomotiviga aylanishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xorijiy investorlar bilan hamkorlikda data-markazlar qurilishiga 6 milliard dollar sarmoya jalb qilgan. Mamlakatda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur doirasida hozirga qadar 1 milliondan ortiq yoshlar sunʼiy intellekt bo‘yicha bazaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, Mirziyoyev “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. Ushbu loyiha mintaqaviy data-markazlarni yuqori tezlikdagi aloqa tarmoqlari orqali bog‘lashni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida turkiy davlatlar ishtirokida Texnologik forum tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi.
Turkiy davlatlarning yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorligi zamonaviy dunyoda ushbu yo‘nalishga bo‘lgan katta talabni inobatga olganda, juda istiqbolli hisoblanadi. O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari esa uni texnologik hamkorlikning yetakchisiga aylanish imkonini beradi va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida integratsiyani yana-da kuchaytirishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bildirgan fikrlari mamlakatda ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq strategiya mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Germaniyadan munosabat: TDT Yevroosiyoda muhim geoiqtisodiy hamkorlik platformasiga aylanmoqda

Boku – WUF-13: barcha munosib uy-joy, xavfsiz va barqaror shaharlarda yashashga haqli


