Anqaradan munosabat: TDT sunʼiy intellekt, integratsiya va raqamli rivojlanish yo‘nalishini yana-da kengaytirmoqda
May 17, 2026. 16:30 • 3 daq
• 34
ANQARA, 17-may /“Dunyo” AA/. Anqara inqirozlar va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) rahbari, professor Mehmet Seyfettin Erol “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:
– Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning ko‘p tomonlama hamkorlik uchun muhim platforma sifatida izchil mustahkamlanib borayotgani butun dunyo uchun foydali. Ushbu tuzilma bosqichma-bosqich mazmunan boy, institutsional jihatdan yetuk va amaliyotga yo‘naltirilgan hamkorlik maydoniga aylanib bormoqda.
So‘nggi yillarda tashkilot sammitlari deklarativ bayonotlardan ko‘ra ko‘proq aniq va amaliy hamkorlik arxitekturasini shakllantirishga o‘tgani bilan ajralib turibdi. Bu hamkorlik iqtisodiyot, transport-logistika, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar sohalarini qamrab olmoqda.
2023-yil 16-mart kuni Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan favqulodda sammit tabiiy ofat – halokatli zilzila oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlanib, turkiy davlatlar birdamligi va inqiroz sharoitida siyosiy muvofiqlashuvning yorqin namunasi bo‘ldi. Qabul qilingan qarorlar, jumladan Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi, tashkilotning institutsional poydevorini mustahkamlab, iqtisodiy integratsiya salohiyatini kengaytirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Hatay viloyatida turar-joy loyihalarini amalga oshirishi insonparvarlik diplomatiyasining amaliy namunasi sifatida baholanadi.
O‘zbekiston TDT faoliyatiga qo‘shilganidan buyon integratsion jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda. 2019-yildan boshlab mamlakat tashkilot ishida rasman ishtirok etib, 2019–2025-yillar davomida O‘zbekiston tomonidan yuzlab tashabbuslar ilgari surilgani uning tizimli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvini ko‘rsatadi.
2022-yilda Samarqand sammiti yakunlaridan so‘ng O‘zbekiston TDTga raislikni boshlagan davrda hamkorlikni kompleks dasturlar asosida rejalashtirish amaliyoti yana-da kuchaytirildi. Bu esa tashkilot faoliyatini tizimli, bashorat qilinadigan va institutsional jihatdan mustahkam shaklga olib chiqdi.
Iqtisodiy hamkorlik ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. 2025 yilda O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan tovar aylanmasi 10,8 milliard AQSH dollaridan oshgani qayd etilmoqda. Asosiy hamkorlar sifatida Qozog‘iston va Turkiya alohida o‘rin tutadi.
2026-yil 15-may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammiti sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bag‘ishlanib, konstruktiv va ishchan muhitda o‘tdi. Bu uchrashuv amalda turkiy makonda yangi texnologik paradigma shakllanishining muhim bosqichini belgiladi.
Uchrashuv davomida raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt texnologiyalari va umumiy innovatsion ekotizimlarni shakllantirish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Shavkat Mirziyoyev nutqida TDT doirasida uzoq muddatli texnologik hamkorlik arxitekturasini yaratish, davlatlarning intellektual, ilmiy va infratuzilmaviy salohiyatini birlashtirish g‘oyasiga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar turkiy dunyoning buyuk ilmiy merosi bilan bog‘lab talqin etildi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalar merosi zamonaviy algoritmlar va matematik yondashuvlarning intellektual poydevori sifatida eʼtirof etildi.
Sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratish, “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasini rivojlantirish, mintaqaviy data-sentrlarni birlashtirish hamda bulutli va kvant hisoblash platformalarini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslar alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur sammit TDTning amaliy hamkorlik, strategik muvofiqlashuv va mintaqaning uzoq muddatli rivojlanishiga yo‘naltirilgan samarali xalqaro platforma sifatidagi o‘rni yana-da mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Varshavadan munosabat: TDT sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda

Dushanbedan munosabat: Turkiston sammiti TDT integratsiyasida muhim tashabbuslar maydoni bo‘ldi


