Dushanbedan munosabat: Turkiston sammiti TDT integratsiyasida muhim tashabbuslar maydoni bo‘ldi
May 17, 2026. 15:30 • 3 daq
• 34
DUSHANBE, 17-may. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15- may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:
– Turkiy davlatlar tashkilotining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan norasmiy sammiti, avvalgi barcha sammitlar kabi, turkiy dunyo integratsiyasi yo‘lida yana bir ishonchli qadam bo‘ldi. Integratsiya jarayonida qadimiy tarix, muqaddas diniy qadriyatlar, madaniy meros va anʼanalarning umumiyligiga tayanilgan yaxlit va kompleks yondashuv qisqa vaqt ichida barqaror va ishonchli rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratish imkonini berdi.
Norasmiy sammitni o‘tkazish uchun Turkiston shahrining tanlanishi bejiz emas. 2021-yil 31-mart kuni Turkiy kengashining norasmiy sammitida Turkiston turkiy dunyoning maʼnaviy poytaxti sifatida eʼtirof etilgan edi. Turkiy sivilizatsiya markazining qurilishi turkiy xalqlarning sivilizatsion birligini aks ettiradigan yorqin ramz bo‘ladi. Markaz poydevoriga kapsula qo‘yish marosimi davlat rahbarlarining yig‘ilishi oldidan o‘tkazildi.
Ishchi tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayev bilan birga Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan masjidni ziyorat qildi. Ushbu ulug‘vor majmua 7 gektardan ortiq maydonda joylashgan bo‘lib, 5 mingdan ziyod namozxonni sig‘dira oladi. Masjid arxitekturasi islom va sharq meʼmorchiligining eng yaxshi anʼanalari asosida barpo etilgan. Bu ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy va maʼnaviy yaqinlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilikning samimiy ifodasidir.
Dunyoning turli mintaqalarida keskinlik kuchayib, xalqaro munosabatlarda ishonchsizlik ortib, global institutlarning roli susayib borayotgan hozirgi sharoitda, Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, o‘zaro muloqotni kuchaytirish va muvofiqlashtirilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish zarur. Shu nuqtai nazardan u bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Bu tashabbuslar turkiy dunyoda raqamli rivojlanishning yangi davrini shakllantirishga qaratilgan. Ular sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik, fan, taʼlim va yoshlar bilan ishlashni chuqurlashtirish, raqamli logistika platformalarini yaratish hamda ekologik muammolar bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Zamonaviy bosqichda turkiy dunyo integratsiyasi yangi va qiziqarli tashabbuslarni namoyon etmoqda, bu esa jahonning yangi arxitekturasini shakllantirishda muhim bo‘g‘inlardan biri bo‘lishi mumkin. Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu norasmiy sammit turkiy dunyo uchun ilg‘or yechimlar va barqaror rivojlanish makoni sifatida yangi sahifani ochishi, shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Madriddan munosabat: TDTda sammitida O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda

Bryusseldan munosabat: Turkiy davlatlar tashkiloti tobora geoiqtisodiy kuchga aylanib bormoqda


