Madriddan munosabat: Cho‘lponotada erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida yangi bosqichini boshlaydi

Avgust 01, 2026. 09:10 • 3 daq

145
Madriddan munosabat: Cho‘lponotada erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida yangi bosqichini boshlaydi

MADRID, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches  “Dunyo” AAga 30-iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Qirg‘iziston sammiti yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi qardosh xalqlar o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatining mantiqiy davomidir.

Muzokaralar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro aloqalar yuqori darajada ekanini namoyish etdi. Prezidentlar raisligida Davlatlararo kengashning tashkil etilishi erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ittifoqchilik sherikligining uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida savdo aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb o‘n barobarga o‘sib, 1,2 milliard dollardan oshdi. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Sanoat kooperatsiyasi ham jadal rivojlanmoqda. Energetika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, logistika va o‘ta muhim minerallarni qazib olish sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish, chegaraoldi savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, transport jarayonlarini raqamlashtirish va xalqaro tashuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishuvlar strategik ahamiyat kasb etadi. Mintaqaning energetika xavfsizligini mustahkamlash va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadigan Qambarota GES-1 loyihasi ham muhim masalalar qatoriga kiradi.

Hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Birinchi Hududlar forumining o‘tkazilishi, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi va yangi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi savdo-iqtisodiy munosabatlar va sarmoyaviy hamkorlikning yana-da yuksalishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Tashrifning gumanitar jihati alohida eʼtiborga loyiq. Madaniyat, taʼlim, fan, yoshlar siyosati, turizm va sport sohalaridagi sheriklikni kengaytirish, Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish va akademik almashinuvlarni faollashtirish ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi yuksak baholanib, unga Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri – I darajali “Manas” ordeni topshirildi. Ushbu mukofot uning tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish borasidagi izchil saʼy-harakatlari eʼtirof etilganidan dalolat beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston bilan munosabatlar rivojini butun Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashning muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘radigan strategik qarashlarini alohida taʼkidlash lozim. BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro maydonlar doirasida yaqindan muvofiqlashtirishga tayyorlikning tasdiqlanishi O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiya va konstruktiv xalqaro hamkorlikni ilgari surishdagi o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Davlat tashrifi yakunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik, pragmatizm va yaxshi qo‘shnichilik siyosati O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlashda davom etayotganini yaqqol ifodalaydi. Erishilgan kelishuvlar nafaqat O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarini ittifoqchilikning tarixan yangi bosqichiga olib chiqadi, balki kelgusida iqtisodiy o‘sish, ikki mamlakat xalqlari farovonligini yuksaltirish, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun ham mustahkam poydevor yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish