Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston raqamli taraqqiyotga qaratilgan mintaqaviy tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlamoqda

Iyul 30, 2026. 19:50 • 3 daq

79
Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston raqamli taraqqiyotga qaratilgan mintaqaviy tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlamoqda

ANQARA, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Anqara inqirozlar va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) rahbari, professor Mehmet Seyfettin Erol “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi hamda Ostonada bo‘lib o‘tayotgan “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostonaga tashrifi Markaziy Osiyo xalqaro kun tartibini bosqichma-bosqich kengaytirayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Agar yaqin-yaqingacha mintaqa birinchi navbatda energetika, logistika va xavfsizlik masalalari bilan bog‘lanib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, taʼlim va yoshlar tashabbuslariga tobora ko‘proq eʼtibor qaratilmoqda. Aynan shu nuqtai nazardan uchinchi “Kelajak o‘yinlari”ning o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ochilish marosimida Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari ishtirok etdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi. Bunday yuqori darajadagi ishtirok “Kelajak o‘yinlari”ning sport, texnologiyalar va gumanitar hamkorlik masalalarini birlashtirishga qodir xalqaro platforma sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Musobaqa formatining o‘zi zamonaviy tendensiyalarni aks ettiradi. “Phygital” klassik sport turlarini raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirib, yosh avlod uchun yangi musobaqa modelini yaratmoqda. Bunday yondashuv nafaqat sportni rivojlantirish, balki raqamli iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan yangi kompetensiyalarni shakllantirish haqida ham so‘z yuritish imkonini beradi.

Qozog‘iston uchun ushbu turnirni o‘tkazish o‘z xalqaro imijini mustahkamlash siyosatining davomi bo‘lmoqda. “EXPO–2017”, Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari va yirik siyosiy forumlardan so‘ng Ostona anʼanaviy diplomatiyaga emas, balki kelajak texnologiyalariga yo‘naltirilgan navbatdagi tadbirga mezbonlik qilmoqda. Bu Qozog‘istonga yangi formatdagi xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun Yevroosiyoning asosiy maydonlaridan biri sifatidagi o‘rnini bosqichma-bosqich mustahkamlash imkonini bermoqda.

O‘zbekiston uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochilish marosimidagi ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Mamlakat raqamlashtirish, IT-industriyasini rivojlantirish, sunʼiy intellekt sohasi va yosh mutaxassislarni tayyorlashga faol sarmoya kiritmoqda. Shu maʼnoda “Kelajak o‘yinlari”ga bo‘lgan qiziqish mamlakatda amalga oshirilayotgan ichki o‘zgarishlarga to‘la mos keladi.

O‘zbekiston vakillari mazkur turnirda fijital-futbol, lazertag va raqs yo‘nalishlarida ishtirok etadi. Bu mamlakatning raqamli texnologiyalar va jismoniy tayyorgarlik uyg‘unlashgan sportning yangi yo‘nalishlarida munosib o‘rin egallashga intilayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yilda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi “Kelajak o‘yinlari”ning ochilish marosimida ishtirok etgan edi, endi esa Ostonadagi turnirning ochilishida ham qatnashmoqda. Bunday yondashuv ushbu loyihaga bir martalik tadbir sifatida emas, balki uzoq muddatli xalqaro tashabbus sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda aynan shunday loyihalar mintaqaviy hamkorlikning yangi vositasiga aylanib bormoqda. Markaziy Osiyo nafaqat iqtisodiy hamkorlikka, balki texnologiyalar, innovatsiyalar va inson kapitalini birgalikda rivojlantirishga asoslangan o‘z kun tartibini bosqichma-bosqich shakllantirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish