Anqaradan munosabat: O‘zbekiston–Qirg‘iziston hamkorligi Markaziy Osiyoning yangi taraqqiyot modeliga xizmat qilmoqda
Avgust 01, 2026. 11:30 • 2 daq
• 85
ANQARA, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiya Strategik tadqiqotlar va rivojlanish markazi boshqaruv raisi Yunus Emre Kanat “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlikning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tayotganining navbatdagi ifodasi bo‘ldi. Agar bir necha yil avval mintaqa davlatlari asosan to‘planib qolgan masalalarni hal etishga eʼtibor qaratgan bo‘lsa, bugungi kunda qo‘shma infratuzilma loyihalari, transport aloqalarining o‘zaro bog‘liqligi, energetika va sanoat kooperatsiyasiga yana-da ko‘proq ahamiyat berilmoqda.
Tashrifning asosiy tadbirlari so‘nggi yillarda butun mintaqaning uzoq muddatli istiqbolini belgilovchi masalalarni muhokama qilish maydonchasiga aylanib borayotgan Cho‘lponotada o‘tkazilayotgani bejiz emas. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlar Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi hamkorlik tobora tizimli tus olayotganidan dalolat beradi.
“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi sheriklik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalish nafaqat uch mamlakatning savdo imkoniyatlarini kengaytirishga, balki Markaziy Osiyoning logistik qiyofasini o‘zgartirib, uning Yevroosiyo transport yo‘laklaridagi rolini kuchaytirishga ham qodir. Shu bilan birga, energetika, sanoat, chegaraoldi savdosi va hududlararo aloqalar sohalaridagi hamkorlik ham rivojlanmoqda. Bu esa uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Turkiya nuqtai nazaridan, aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosati Markaziy Osiyoning ichki dinamikasini o‘zgartirgan muhim omillardan biri bo‘ldi. Ochiq muloqot, ishonchni mustahkamlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish siyosati tufayli mintaqa o‘tmish muammolarini muhokama qilishdan asta-sekin uning kelajagini belgilaydigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga o‘tmoqda. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari raqobatchi sifatida emas, balki o‘zaro bog‘liqlikni oshirish va birgalikda taraqqiy etishdan manfaatdor hamkorlar sifatida maydonga chiqmoqda.
Turkiya uchun bunday o‘zgarish strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi O‘rta yo‘lakni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va turkiy dunyo doirasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shu bois, ushbu davlat tashrifini nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning muhim bosqichi, balki yana-da barqaror va o‘zaro bog‘langan Markaziy Osiyoni shakllantirish yo‘lidagi yana bir salmoqli qadam sifatida ko‘rish lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi