Qozog‘iston mintaqada birinchi bo‘lib sunʼiy yomg‘ir texnologiyasini amaliyotga joriy etdi
May 18, 2026. 13:55 • 2 daq
• 94
TURKISTON, 18-may. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Turkiston shahrida sunʼiy yomg‘ir yog‘dirish orqali yog‘ingarchilik miqdorini ko‘paytirish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri “Kazinform” xalqaro axborot agentligiga tayanib.
“Ushbu ilmiy loyiha xalqaro hamkorlik va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy iqlim infratuzilmasini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Loyiha dunyoning yetakchi ekspertlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Bu mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga olib kirish uchun mustahkam asos bo‘ladi”, – dedi Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari, Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.
Yangi loyiha suv omborlaridagi suv hajmini oshirish hamda mamlakatning janubiy qishloq xo‘jaligi hududlarini suv resurslari bilan barqaror taʼminlashga qaratilgan.
Mazkur tadbirlar BAA Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlikda hayotga tadbiq etilmoqda. Ushbu markaz 1980-yillardan buyon iqlimni modifikatsiya qilish va sunʼiy yog‘ingarchilik hosil qilish sohasida katta tajribaga ega.
Qamrovi va ishlash tamoyili ko‘ra, ushbu texnologiya Turkiston viloyatidagi qurg‘oqchilik va suv yetishmovchiligi oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi hamda umumiy maydoni 911 ming gektardan ziyod ekin yerlarini qamrab oladi.
Ishlash radiusiga ko‘ra, suv taqchilligi sezilayotgan hududlarda mahalliy darajada qo‘llanilayotgan ushbu texnologiya 5 km radiusda taʼsir ko‘rsatadi. Jarayonda xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan xavfsiz tuzli reagentlardan foydalaniladi.
“Kazinform”ning yozishicha, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sunʼiy yomg‘ir texnologiyasini amaliyotga tadbiq etgan ilk davlat bo‘ldi.
Xalqaro ekspertlarning baholashicha, sunʼiy yomg‘ir chaqirish texnologiyasi yog‘ingarchilik miqdorini tabiiy meʼyorga nisbatan 10–20 foizgacha oshirish imkonini beradi. Bugungi kunda bunday usul AQSH, Xitoy, BAA, Fransiya va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda faol qo‘llanib kelinmoqda.
Loyihaning ishga tushirilishi agrar tarmoqda suv taʼminoti samaradorligini oshirish, qurg‘oqchilik zararini kamaytirish va hosildorlikni barqaror saqlashga xizmat qiladi. Loyihadan kutilayotgan potensial iqtisodiy foyda yiliga 35 milliard tenge (taxminan 75 million AQSH dollari)ni tashkil etishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi

Ashxobodda O‘zbekiston Prezidenti sovrini g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi


