Xitoy “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi
May 18, 2026. 12:55 • 2 daq
• 10
TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov XXR elchisi Yuy Szyun bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar har qanday sharoitda ham strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi. Suhbat davomida O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, hududlararo hamkorlik faollashayotgani va oliy hamda yuqori darajadagi siyosiy muloqot saqlanib qolayapti, deb taʼkidlandi.
Ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch, teng huquqli va manfaatli hamkorlik hamda tomonlarning asosiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangani qayd etildi.
Tomonlar 2026-yil 7-may kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy–O‘zbekiston Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining sakkizinchi yig‘ilishi yuqori darajada o‘tganini eʼtirof etdilar. Muloqot chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.
Qo‘shma infratuzilma loyihalarini rivojlantirish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, xavfsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, gumanitar almashinuvlar hamda hududlar, oliy taʼlim muassasalari, tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonning mustaqil milliy taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor taʼkidlab, “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni “Yagona Xitoy” tamoyilini qatʼiy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, ikki qirg‘oq o‘rtasidagi munosabatlarning tinch rivojlanishini hamda Xitoy hukumati tomonidan mamlakatni birlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashi taʼkidlandi.
Tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha yaqin ishchi aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
“Dunyo” AAolgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Hindiston sog‘liqni saqlash va oila farovonligi vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi



