Qozog‘iston Xitoy bilan yil oxirigacha QR-to‘lovlar tizimini ishga tushirmoqchi

Sentabr 17, 2026. 22:00 • 2 daq

295
Qozog‘iston Xitoy bilan yil oxirigacha QR-to‘lovlar tizimini ishga tushirmoqchi

OSTONA, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston 2026 yil oxirigacha Xitoy bilan transchegaraviy QR-to‘lovlar tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki raisi o‘rinbosari Binur Jalenov “Central Asia FinTech Summit” doirasida “Kazinform” xalqaro axborot agentligiga maʼlum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston hozirda 11 davlat bilan transchegaraviy to‘lov xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Ular orasida Xitoy, Hindiston, BAA, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bor.

Xitoy yo‘nalishida tizim joriy yil oxirigacha amalda ishga tushirilishi kutilmoqda, qolgan mamlakatlarda esa joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va taxminan 2027 yilning o‘rtalariga qadar yakunlanadi.

“Bugungi kunda biz transchegaraviy to‘lovlar masalasini ishlab chiqayotgan 11 ta davlat mavjud. Bular Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va boshqa davlatlardir. Umid qilamizki, yil oxirigacha Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha tizim amalda ishlay boshlaydi”, – dedi Binur Jalenov.

Yangi mexanizm Qozog‘iston fuqarolariga Xitoydagi xaridlar uchun QR-kod yordamida odatiy bank ilovasi orqali to‘lov qilish imkonini beradi. Xuddi shunday imkoniyat Xitoy fuqarolariga Qozog‘istonga safarlari chog‘ida ham taqdim etiladi.

“Masalan, siz Xitoyda bo‘lsangiz, u yerda QR-kod yaratiladi, siz uni oddiy bank ilovangiz orqali o‘qiysiz va to‘lov avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Ular bizga kelganida ham xuddi shunday”, – deya tushuntirdi Milliy bank rahbari o‘rinbosari.

“South China Morning Post” nashrining taʼkidlashicha, ushbu tashabbus Xitoy yuanidan savdo va investitsiya operatsiyalaridan tashqarida – kundalik chakana to‘lovlar sohasida foydalanishni kengaytirishi mumkin. Loyiha “Alipay” va “Kaspi.kz” to‘lov platformalarining mavjud hamkorligiga tayanadi.

Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, ekspertlar QR-to‘lovlarni rivojlantirishni isteʼmolchilar hisob-kitoblari darajasida yuandan xalqaro miqyosda foydalanishni kengaytirish yo‘lidagi qadamlardan biri deb bilishadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish