Qozog‘istonda yangi Konstitutsiyaga muvofiq vitse-prezident va bosh vazir tayinlandi
Avgust 31, 2026. 14:47 • 2 daq
• 100
OSTONA, 31-avgust. / “Dunyo” AA/. Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bugun yangi Konstitutsiyaga muvofiq davlat organlarining yangi tarkibi shakllantirilganidan so‘ng bir qator kadrlarga oid qarorlarni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Qazinform” XAAga tayanib.
Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbarining 50 yoshli birinchi o‘rinbosari Yerlan Karin Qurultoy uning nomzodini maʼqullaganidan so‘ng Qozog‘iston vitse-prezidenti etib tayinlandi. Vitse-prezident lavozimi Qozog‘istonning 2026-yil 1-iyul kuni kuchga kirgan yangi Konstitutsiyasi bilan joriy etilgan.
Yangi Konstitutsiyaga muvofiq, vitse-prezident Prezident tomonidan Qurultoy deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan berilgan roziligiga asosan tayinlanadi. U Qurultoy, Hukumat va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikda Prezident nomidan ish yuritadi. Prezident muddatidan ilgari lavozimidan ozod etilgan yoki vafot etgan taqdirda, davlat rahbarining vakolatlari saylovlar o‘tkazilgunga qadar vitse-prezidentga o‘tadi.
45 yoshli Oljas Bektenov Bosh vazir lavozimini saqlab qoldi. Qayta tayinlov oldidan Prezident Qurultoydagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, yangi Konstitutsiyaga muvofiq uning nomzodi bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini maʼlum qildi.
Eslatib o‘tamiz, yangi Konstitutsiya joriy yilning 15-martida o‘tkazilgan umumrespublika referendumida qabul qilingan edi. Uning asosiy yangiliklaridan biri Senatning tugatilishi va bir palatali Qurultoyga o‘tilishi bo‘ldi. 23 avgust kuni Qozog‘istonda Qurultoyga saylovlar bo‘lib o‘tdi, 28-avgust kuni esa “Adolat” (“Әdіlet”) partiyasi yetakchisi Aybek Dadebay birinchi chaqiriq spikeri etib saylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi