Salim Ashur: Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirmoqda
Fevral 17, 2026. 12:48 • 5 daq
• 106
TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli ijodkor Salim Ashur “Dunyo” AA uchun buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– So‘z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy asarlarining bosh mavzusi komil inson g‘oyasidir. Uning ijodida milliy va umuminsoniy qadriyatlar ulug‘lanadi. Mutafakkir shoirning butun ijodi insoniyat maʼnaviyati va maʼrifatini, so‘z sanʼatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari Alisher Navoiyning haqida: “Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi”, – degan edi.
Hozirgi shiddat bilan o‘zgarayotgan global dunyoda, qurolli to‘qnashuvlar, keskin ziddiyatlar kuchayayotgan sharoitda benazir Alisher Navoiy ijodining tinchlik va taraqqiyotni asrab-avaylash, farovon hayotni barpo etish borasidagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
XIV asrda Sohibqiron Amir Temur turkiy xalqlar va qavmlarni bir saltanat tug‘i ostida birlashtirgan davrda yagona millatni ruhan yuksaltiradigan badiiy so‘zga ehtiyoj kuchli edi. Shu davrning yalovbardor shoiri sifatida maydonga chiqqan Alisher Navoiy asarlarida qardosh xalqlarning birligi qalamga olingan.
Shu boisdan buyuk shoir ijodi, betakror asarlari jahonning barcha mamlakatlarida mehr bilan o‘qib-o‘rganilmoqda. Dunyoning ko‘pgina poytaxtlari va ko‘rkam shaharlarida shoirga muhtasham haykallar qo‘yilgan.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlar Alisher Navoiyning ezgu g‘oyalariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir.
O‘zbekistonda 1991-yil – davlat mustaqilligining birinchi yili Alisher Navoiy yili deb eʼlon qilingan va poytaxt Toshkent shahri markazidagi Milliy bog‘da ulug‘ shoirga muzayyan va muhtasham haykal-majmua o‘rnatilgan edi. Majmua gumbazining ichki tomonida hazratdan bir bayt – ikki misra naqsh etilgan:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas, dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.
Insonparvar shoir: “Ey, olam ahli, qabohat, razolat – dushmanlik, do‘stlik, yorlik – ezgu ish ekanini, faqat xayrixohlik va murosa bilan dunyo tinch bo‘lishini, xalqlar farovon yashashini bilinglar”, deb ogoh etadi.
Olam ahlining asriy orzu-armonlarini ifoda etgani uchun Alisher Navoiyning betakror ijodi jahonda yuksak eʼtibor va eʼzoz topdi, barcha turkiy xalqlarning o‘lmas adabiy merosiga aylandi. Yurtimizda ulug‘ shoirning nomi, xotirasiga har kuni, har soatda izzat, ehtirom ko‘rsatiladi. Asarlari kitob holida qayta-qayta nashr etiladi, maktablarda o‘quvchilar, oliy o‘quv yurtlarida talabalar bu kitoblarni o‘qib o‘rganadilar. Ilmiy doiralarda ijodi va hayoti yuzasidan eng ko‘p ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgan adib ham, shubhasiz, Alisher Navoiydir. Milliy va jahon adabiyotida Alisher Navoiy siymosi aks etgan yangi-yangi asarlar yozilmoqda.
2021-yilda bu borada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar ko‘lami yanada kengaydi, O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etildi.
Ushbu mukofot Turkiy davlatlar kengashi, shuningdek, Turksoy tashkilotining ilmiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi faoliyatini yanada kuchaytirish, xususan, turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida adabiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Zero, turkiy xalqlar bir ota-onaning farzandlari, dilbandlari bo‘lib, necha-necha asrlar davomida qondoshlik, jondoshlik va mehr rishtalari bilan bog‘langanlar.
Mukofot jahonda turkiy madaniyatni targ‘ib qilish, tinchlikni saqlash, xavfsizlikni taʼminlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, turkiy xalqlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qo‘shilgan alohida hissasi uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi.
Mukofot birinchi marta 2022-yilda buyuk qirg‘iz yozuvchisi va jamoat arbobi marhum Chingiz Aytmatovga berilgan edi. Mukofotni Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tgan to‘qqizinchi kengashida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarovga tantanali vaziyatda topshirgan edi. Haqiqatan ham, Chingiz Aytmatov turkiy xalqlarning dunyoga tanilgan adiblaridan biri, uning asarlari 176 dan ortiq tilga tarjima qilingan, 128 mamlakatda 100 milliondan ortiq nusxada bosilgan.
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ikkinchi bor Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida “Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun” taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjarga topshirildi.
Keyingi yillarda turkiy tilli davlatlar hamkorligini kuchaytirish, turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, adabiy hayotimizning muhim voqeasi bo‘lgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi nashr etildi. Majmuaga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Vengriya, yaʼni TURKSOYga aʼzo 8 davlat adabiyoti namunalari kiritildi. Majmuada jami 133 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratilgan.
2025 yilda Samarqandda o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Butunjahon turkiy tillar kunini taʼsis etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyaga ko‘ra 2025 yilning 15 dekabr kuni birinchi marta turkiy tillar kuni bayram sifatida nishonlandi. Aynan 15 dekabr sanasi turkiy tillar kuni sifatida belgilanganining ramziy maʼnoga bor. Maʼlumotlarga ko‘ra, 1893 yilning aynan shu kuni daniyalik olim Vilgelm Tomsen O‘rxun bitiklari alifbosini o‘qib chiqqanini eʼlon qilgan. Bu yozma yodgorliklar turkiy tillar oilasining qadimiy ildizlarini tasdiqlovchi eng muhim manbalardan biri sanaladi.
Butunjahon turkiy tillar kuni doirasida turli madaniy taqdimotlar va tadbirlar – ko‘rgazmalar, maʼruzalar, adabiy kechalar, badiiy chiqishlar tashkil etildi. Ularning maqsadi turkiy tillar oilasining madaniy va ijtimoiy ahamiyatini namoyish etish, turkiy tilli davlatlarning madaniy xilma-xilligini yoritish hamda bu tillarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida xabardorlikni oshirishdir.
YUNESKO maʼlumotlariga ko‘ra, turkiy tillar dunyo bo‘ylab 12 million kvadrat kilometrga yaqin hududda yashovchi 200 milliondan ortiq insonning ona tili hisoblanadi.
Navoiy yashagan davrdan buyon besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu davrda shoir ijodining qimmati, ahamiyati tobora oshib bormoqda. Turkiy xalqlarning har bir avlodi Alisher Navoiy asarlaridan o‘zi uchun muhim bo‘lgan maʼnaviy ozuqa topib boraveradi.
Shu ulug‘ zot nomi bilan atalgan xalqaro mukofot turkiy tilli davlatlar va xalqlar hamkorligini yanada mustahkamlash yo‘lida xizmat qilgan buyuk shoirning bugungi munosib izdoshlariga beriladi, albatta.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
