Berlinda “Dunyo bolalar nigohida” xalqaro rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Iyun 04, 2026. 19:25 • 3 daq

92

BЕRLIN, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyadagi “Logenhaus Berlin GmbH” tashkilotida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Dunyo bolalar nigohida” nomli bolalar ijodiga bag‘ishlangan xalqaro rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda diplomatik korpus vakillari, madaniyat va ta’lim sohasi mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari, ota-onalar va ularning farzandlari, yosh ijodkorlar hamda Berlin shahri jamoatchiligi ishtirok etdi.

Mazkur madaniy-ma’rifiy tadbir “San'at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.” jamiyati tomonidan O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi, Ozarbayjon madaniyat uyi qoshidagi “Khari Bülbül e.V.” jamiyati, “Art Space Berlin” san’at maktabi hamda “Primo Piano Berlin” musiqa va san’at maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ko‘rgazmada 3 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar tomonidan yaratilgan turli janrdagi qariyb 250 ta ijodiy asar namoyish etildi. Xususan, Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz farzandlari, turli millat vakillari hamda mamlakatimiz diplomatlari farzandlari o‘z ishlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekistondan Toshkent shahridagi P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji yosh ijodkorlarining 50 ga yaqin asari ham ekspozitsiyadan o‘rin oldi.

Tadbirni “San'at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.” jamiyati rahbari Zuhra Rahmatova olib bordi. U qutlov so‘zida tadbirning asosiy maqsadi bolalarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning dunyoqarashini san’at orqali namoyon etish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirishdan iborat ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov yig‘ilganlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, mazkur ko‘rgazma bolalarning ijodiy salohiyatini namoyon etish bilan birga, xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqot, o‘zaro anglashuv va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, u san’at va madaniyat sarhad bilmasligini, insonlar va xalqlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarishini qayd etib, tadbir tashkilotchilari, hamkorlar va ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Logenhaus Berlin GmbH” rahbari Andrey Rayn mazkur xalqaro madaniy loyihani qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun ekanini bildirib, bolalar ijodi orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Ko‘rgazma doirasida bolalar va oilalar uchun rang-barang madaniy dastur ham tashkil etildi. Unda bolajonlar ijrosida o‘zbek, ozarbayjon va hind milliy raqslari namoyish etildi, shuningdek, rasm chizish, gulchambarlar tayyorlash va turli amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy mahorat darslari o‘tkazildi.

Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortiq qilinib, mamlakatimizning madaniyati, tarixi va mehmondo‘stlik an’analariga bag‘ishlangan taqdimotlar ham namoyish etildi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan mamlakatimizning sayyohlik salohiyati haqidagi axborot materiallari tarqatildi.

Bu esa tadbir ishtirokchilarida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, turizm imkoniyatlari va zamonaviy ijodiy salohiyati haqida yanada keng tasavvur uyg‘otdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish