Hindiston Bosh vaziri yoshlarning ommaviy noroziligidan so‘ng imtihon tizimini isloh qilishga chaqirdi
Iyul 21, 2026. 19:10 • 2 daq
• 90
DEHLI, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi imtihon materiallarining sizib chiqishi sababli yuzaga kelgan ommaviy noroziliklardan so‘ng davlat imtihonlarini o‘tkazish bo‘yicha ishonchli tizim yaratishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
Parlament ishlari va ozchiliklar masalalari bo‘yicha vazir Kiren Rijijuning ma’lum qilishicha, hukumat imtihonlarni o‘tkazishdagi qonunbuzarliklarga zudlik bilan munosabat bildirgan: 13 kishi hibsga olinib, takroriy imtihon kechiktirilmasdan o‘tkazilgan va uning natijalari e’lon qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh vazir Narendra Modi aybdorlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish hamda bu kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaydigan tizim yaratishga chaqirgan.
Noroziliklarga ikki milliondan ortiq abituriyentning manfaatlariga daxl qilgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha milliy test materiallarining sizib chiqishi sabab bo‘lgan. “Cockroach Janta Party” (CJP – “Suvaraklar xalq partiyasi”) harakati ishtirokchilari ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxanning iste’fosini talab qilishdi.
Nyu-Dehlida namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvi chog‘ida 180 nafarga yaqin odam jabrlandi. Voqeadan so‘ng CJP rahbariyati norozilik namoyishlarini davom ettirishini, biroq kelgusidagi to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida parlament tomon yangi yurishlar uyushtirishdan voz kechishini ma’lum qildi.
Ta’lim vazirining iste’foga chiqarilishi hamda faollarning da’vosiga ko‘ra, imtihon materiallarining sizib chiqishi bilan bog‘liq mojarodan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan talabalar oilalariga tovon puli to‘lanishi harakatning asosiy talablaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Internet hazili sifatida boshlangan “Suvaraklar xalq partiyasi” ta’lim tizimidagi muammolar va ish o‘rinlari tanqisligidan norozilik kuchaygan bir paytda tez orada yirik yoshlar norozilik harakatiga aylandi.
Harakatga may oyida Amerika universiteti bitiruvchisi, 30 yoshli Abhijit Dipke tomonidan asos solingan. Hindiston Oliy sudi raisi Surya Kantning OAVda keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi ishsiz yoshlarni “tekinxo‘rlar” va “suvaraklar”ga qiyoslagan bayonot CJPning tashkil etilishiga turtki bo‘lgan.
Bunga javoban Abhijit Dipke ijtimoiy tarmoqlarda hazilomuz tarzda: “Barcha suvaraklar birlashsa, nima bo‘ladi?” deya murojaat qilgan. Keyinchalik faollar ushbu iborani matonat va norozilik ramziga aylantirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi