Livan armiyasi Isroil qo‘shinlari olib chiqilgach, mamlakat janubida joylashishni boshladi

Iyul 21, 2026. 20:02 • 2 daq

163
Livan armiyasi Isroil qo‘shinlari olib chiqilgach, mamlakat janubida joylashishni boshladi
“Reuters” agentligi surati

BAYRUT, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Livan armiyasi harbiylari AQSh vositachiligida kelishilgan reja doirasida Isroil kuchlari ushbu hududdan olib chiqilganidan so‘ng mamlakat janubidagi Zutar al-G‘arbiya shahriga joylasha boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Kelishuvga ko‘ra, Livan armiyasi mamlakat janubining bir qismini, jumladan, “Hizbulloh” guruhini qurolsizlantirib, nazorat ostiga olishi, Isroil qo‘shinlari esa bosqichma-bosqich o‘z kuchlarini olib chiqishi lozim.

Hudud nazoratining topshirilishi tinchlik rejasining ilk sinovi bo‘ldi. Livan ushbu kelishuv avval Isroil kuchlari nazorati ostida qolgan qariyb 10 kilometrlik hudud ustidan davlat nazoratini tiklashga imkon berishidan umidvor.

Jangovar harakatlar natijasida bu hududdagi o‘nlab aholi punktlari vayron bo‘lgan, shifoxonalar, elektr stansiyalari va suv inshootlari kabi infratuzilma obyektlariga zarar yetgan. O‘n minglab aholi hali ham o‘z uyiga qayta olmayapti.

Livan armiyasi o‘z bo‘linmalari Nabatiya viloyatidagi Zutar al-G‘arbiya shahriga joylashishni boshlaganini ma’lum qildi. Harbiylar aholini xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgunga qadar aholi punktiga qaytmaslikka va armiya bo‘linmalari ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqirdi.

Livan harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, muhandislik bo‘linmalari hududni portlamay qolgan o‘q-dorilardan tozalash ishlarini olib bormoqda. Hududni aholi qaytishi uchun xavfsiz deb e’lon qilish uchun qo‘shimcha vaqt talab etilishi ta’kidlandi.

Shahar meri Abed Ezzedin vayronagarchiliklar ko‘lami juda katta ekanini: aholi punktining yarmidan ko‘pi yo‘q qilinganini, qolgan ko‘plab uylar esa jiddiy shikastlanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, shahar hozircha yashash uchun yaroqsiz.

Isroil harbiylari avvalroq tajriba dasturi doirasida o‘z kuchlarini qayta joylashtirganini tasdiqlab, bu jarayon Livan armiyasining mintaqada qurolli kuchlarni joylashtirish huquqiga ega yagona rasmiy tuzilma sifatida hududni nazorat qilish qobiliyatini sinovdan o‘tkazishini bildirgan edi.

Isroil hukumati Livanning “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish qobiliyatiga shubha bildirishiga qaramay, erishilgan kelishuvni uzoq muddatli xavfsizlikni mustahkamlash va Livan bilan ehtimoliy tinchlik sari qo‘yilgan muhim qadam deb hisoblamoqda.

Livan Prezidenti Jozef Aun bugun Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish