Qohirada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Oktabr 28, 2026. 13:00 • 2 daq
• 139QOHIRA, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qohirada o‘tkazilgan tadbirda Misr oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Abdulaziz Konsova, xorijiy diplomatik korpus vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Bayram tadbirda O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev yurtimizda so‘nggi yillarda yuz berayotgan o‘zgarishlar, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi mushtarak tarixiy-madaniy meros, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Misr oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Abdulaziz Konsova O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xalqimizni samimiy tabrikladi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalar hamda oliy darajadagi muloqot tufayli hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv davomida oliy ta’lim va ilm-fan sohalarida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, madaniyat, turizm, savdo va investitsiya yo‘nalishlaridagi imkoniyatlardan keng foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida mamlakatimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi, san’at ustalari ijrosida milliy raqslar, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi hamda ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari tortildi.
Mazkur tantanali marosim Misrda O‘zbekiston madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish, tegishli tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




