“Cawa Media”: O‘zbekiston — Buyuk ipak yo‘lining yuragi
Oktabr 28, 2026. 12:00 • 2 daq
• 33STOKGOLM, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Shvetsiyaning “Cawa Media” axborot agentligi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan qator maqolalar e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan,“O‘zbekiston Resemässan 2026 ko‘rgazmasida” nomli maqolada mamlakatimizning 16–17-oktabr kunlari “Avicii Arena Annexet” majmuasida o‘tkazilgan “Resemässan 2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki yoritilgan. Unda O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining yuragi sifatida ta’riflangan. Qayd etilishicha, mamlakatning mintaqadagi boshqa barcha davlatlar bilan chegaradosh ekani asrlar davomida uni savdo, madaniyat va xalqaro muloqot markaziga aylantirib kelgan.
Nashr Samarqand va Buxoroning mahobatli masjid hamda madrasalari, gavjum bozorlari va an’anaviy hunarmandchiligiga alohida e’tibor qaratgan. Muallif mamlakatga bir necha bor tashrif buyurganini ta’kidlab, o‘quvchilarga u yerga sayohat qilishni tavsiya etgan.
Shuningdek, “Ipak yo‘lining yorqin lahzalari” deb nomlangan navbatdagi maqola Stokgolm shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma roud-shouga bag‘ishlangan. Mazkur tadbir Berlin, Myunxen va Helsinki shaharlarini qamrab olgan turnening bir qismi bo‘ldi.
Stokgolmdagi uchrashuvda turizm sohasi vakillari, inflyuyenserlar, gastronomik restoranlar mutasaddilari va OAV xodimlari jam bo‘ldi.
O‘zbekiston Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk ipak yo‘lining tarixiy shaharlari, ularning noyob arxitekturasi va asrab-avaylangan madaniy muhiti keng tanishtirildi. Tadbir turizm sohasida yangi aloqalar va hamkorlik imkoniyatlarini ochib berib, mamlakatimizning shvetsiyalik sayyohlar uchun jozibali yo‘nalish ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

