O‘zbekiston ilk bor Janubiy Koreyada o‘tkazilgan xalqaro multikultural festivalida ishtirok etdi
Oktabr 28, 2026. 11:30 • 2 daq
• 32CHXANVON, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston ilk bor Janubiy Koreyaning Chxanvon shahrida bo‘lib o‘tgan “Migrants Arirang Multicultural Festival” (MAMF-2026) xalqaro multikultural festivalida faxriy mehmon davlat sifatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Festival doirasida O‘zbekistonning milliy madaniyati, san’ati va turizm salohiyati namoyish etildi. O‘zbek ijodiy jamoalari va xonandalari ishtirokidagi maxsus madaniy dastur tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
“Tumor” raqs ansambli, Jizzax viloyati filarmoniyasining “Navo” ansambli va boshqa san’atkorlar milliy raqslar, maqom hamda an’anaviy musiqa namunalarini ijro etdi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya san’atkorlarining birgalikdagi chiqishlari ikki xalqning madaniy yaqinligi hamda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar mustahkamlanib borayotganidan dalolat berdi.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan Chxanvondagi vatandoshlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan milliy stendda milliy liboslar, xalq amaliy san’ati buyumlari, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi va ipakchilik namunalari taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, me’moriy obidalari va sayyohlik yo‘nalishlari haqidagi foto va videomateriallar namoyish qilindi.
MAMF-2026 festivalidagi ishtirok O‘zbekiston uchun milliy madaniy meros va sayyohlik yo‘nalishlarining xalqaro targ‘ibotini kengaytirish, Janubiy Koreya bilan gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







