Britaniyalik ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va investitsiya loyihalari taqdim etildi
Iyul 03, 2026. 10:00 • 2 daq
• 146
LONDON, 3-iyul /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyadagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida (International Institute for Strategic Studies - IISS) “C6” formatidagi ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi va barqarorligi masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kaspiy siyosiy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qatnashgan O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Diplomatimiz yurtimizdagi bank tizimi, soliq siyosati, davlat-xususiy sheriklik, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohalaridagi islohotlar haqida ham so‘z yuritdi. U transport, sanoat va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Anjuman davomida O‘zbekistonning jahon moliya bozorlariga integratsiyasi kuchayib borayotgani eʼtirof etildi. Xususan, ishtirokchilar eʼtiboriga O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining London fond birjasida hamda Toshkent fond birjasida o‘tkazilgan ilk “IPO”si haqida maʼlumot havola qilindi.
Mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini ilgari surishda 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumi muhim platforma bo‘lib xizmat qilgani taʼkidlandi. Mazkur forum dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan, jumladan, Buyuk Britaniyadan hukumatlar, xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari va yetakchi kompaniyalarning minglab vakillarini birlashtirdi.
Xalqaro reyting agentliklari o‘tkazilayotgan islohotlar natijalarini ijobiy baholayotgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, “Moody‘s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirib, mamlakat reytingini investitsiyaviy jozibador darajada ekanini qayd etdi.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda iqtisodiy o‘zgarishlar izchil amalga oshirilayotgani, “yashil” energetika faol rivojlanayotgani va moliyaviy barqarorlik mustahkamlanayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, xalqaro investorlar bilan hamkorlikning kengayishi mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirib, uni Markaziy Osiyoda eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida mustahkamlayotgani maʼlum qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi