Xitoyning Guandun provinsiyasi ishbilarmon doiralari O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Iyul 01, 2026. 10:00 • 2 daq
• 137CHJUNSHAN, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Chjunshan shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligini yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlar doirasida Chjunshan shahri rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifini mazmunan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston vazirlik va idoralarida uchrashuvlar tashkil etish, O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumini o‘tkazish, Guanchjou shahrida “Made in Uzbekistan” savdo uyini ochish hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati bilan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 15 dan ortiq xitoylik kompaniya vakillari ishtirokida “O‘zbekiston–Chjunshan: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida mamlakatimiz hududlari, erkin iqtisodiy zonalar va eksport salohiyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Texnologik va iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zaro biznes-missiyalar taqvimi kelishib olindi hamda joriy yil kuzida Buxoro viloyatida O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumini tashkil etish rejasi maʼqullandi.
Mazkur kelishuvlarning amaliy ijrosi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


