Chiniot shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi o‘tkazildi
Iyun 12, 2026. 16:00 • 2 daq
• 154
ISLOMOBOD, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari xizmat safari bilan Pokistonning Chiniot shahrida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar mamlakatimizning iqtisodiy diplomatiyasini ilgari surish, mazkur davlat biznes doiralari vakillarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, eksport va import aloqalarini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif chog‘ida Chiniot savdo-sanoat palatasi prezidenti Fahad Naim Faxri va palata a’zolari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot havola etildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizda biznesni tashkil etish va yuritish uchun yaratilgan qulay muhit, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan huquqiy kafolatlar va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, farmatsevtika, mebelsozlik kabi ustuvor tarmoqlardagi investitsiya imkoniyatlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar va ularning afzalliklari xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Fahad Naim Faxri O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u chiniotlik tadbirkorlar o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan kartoshka va guruch yetishtirish, chorvachilik hamda mebel ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
“Biz Chiniot biznes-delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish ustida ishlaymiz va yaqin vaqt ichida amaliy choralarni boshlaymiz”, dedi Chiniot savdo-sanoat palatasi prezidenti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi