BAA kompaniyasi yurtimizda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Iyun 11, 2026. 20:40 • 2 daq

169
BAA kompaniyasi yurtimizda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

ABU-DABI, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari tomonidan BAAning eng yirik farmatsevtika kompaniyasi bo‘lgan “Julphar” bosh direktori Basel Ziyadeh bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, yurtimizda zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va xalqaro standartlarga muvofiq mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda sohadagi mavjud keng imkoniyatlar taqdimot qilindi.

“Julphar” kompaniyasi bosh direktori Basel Ziyadeh O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori salohiyatini qayd etib, mamlakatda soha rivoji uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi. U o‘z kompaniyasi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish va investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini qo‘shimcha ravishda chuqur ishlab chiqish hamda izchil muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

1980 yilda tashkil etilgan “Julphar” kompaniyasi Yaqin Sharqdagi yetakchi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Korxona antibiotiklar, insulin, vitaminlar va tibbiy kremlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlarining 80 foizi jahonning 40 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish