Luka Brondello: O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Italiya qishloq xo‘jaligida ishlash imkoni yaratilmoqda

May 18, 2026. 20:25 • 3 daq

50
Luka Brondello: O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Italiya qishloq xo‘jaligida ishlash imkoni yaratilmoqda

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Italiyaning “Confagricoltura” qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi vitse-prezidenti Luka Brondelli di Brondello bugun boshlangan birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida “Dunyo” AA muxbiriga mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Fikrimcha, Toshkentdagi ushbu forum muhim ahamiyatga ega. Bugun biz migratsiya haqida gapiramiz, migratsiya esa zamonaviy hayotning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayon tartibga solinishi va nazoratda bo‘lishi kerak.

Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi “Confagricoltura” vakili sifatida aytishim lozimki, biz O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini tobora rivojlantirmoqdamiz. Xususan, bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Migratsiya agentligi bilan yaqin munosabatlar o‘rnatilgan. Hamkorlikda amalga oshirayotgan dastur O‘zbekistonda soha mutaxassislarini tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu o‘quv-kursini yakunlagan ishtirokchilar Italiyadagi fermer xo‘jaliklarida ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

Amalga oshirilayotgan loyiha haqiqatan ham ikki tomon uchun foydali bo‘ladi. Biz O‘zbekiston fuqarolariga Italiyadagi hayot bilan tanishish, qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy usullarni o‘rganish va tajriba olish imkonini yaratamiz.

Italiyada oziq-ovqat va vinochilik sohasi jadal rivojlanmoqda. So‘nggi o‘n yilda mahsulotlarimiz eksporti ikki barobardan ko‘proq o‘sib, yiliga 73 milliard yevroga yetdi. Shu sababli, bizga malakali mutaxassislar zarur. O‘zbekistonda o‘qishga, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga va tajriba olishga intilayotgan ko‘plab yoshlar bor, deb ishonaman. Shu bois, ushbu hamkorlik ham O‘zbekiston, ham Italiya uchun muhim va foydali qadam bo‘ladi.

Biz to‘g‘ri yo‘lda harakat qilmoqdamiz. Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida hukumatingiz bilan muhim kelishuv imzolandi. Biz Toshkentda qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kuchli va zamonaviy markaz faoliyat yuritayotganini ko‘rdik. Hamkorimiz “Umana”, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Migratsiya agentligi bilan birgalikda amalga oshirayotgan ishlarimiz yaxshi natijalar bermoqda. Menimcha, birinchi mutaxassislar guruhi yaqin vaqtda Italiyaga yetib boradi.

Eng muhimi — odamlarni Italiyaga kelmasdan oldin sifatli tayyorlashdir. Biz uchun ular mamlakat, madaniyat, til va kasbi haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lishi juda muhim. Bu, ayniqsa, butun dunyoda migratsiya jarayonlari tez o‘zgarayotgan, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi taʼsiri kuchayib borayotgan sharoitda dolzarbdir. Agar bu jarayonlar oqilona va masʼuliyat bilan boshqarilmasa, barcha davlatlar uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Shu bois biz O‘zbekiston bilan bu sohada hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.

Dastur ishtirokchilari italyan tilini o‘rganmoqda, chunki ularga muloqot qilish va Italiyadagi hayotni tushunish kerak bo‘ladi. Shuningdek, ular kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Biz dastlab traktorlarni boshqaradigan mutaxassislar guruhidan boshlashga qaror qildik. Biroq zamonaviy traktorlar oddiy texnika emas — bugungi kunda ular sunʼiy yo‘ldosh tizimlari va raqamli yechimlar bilan ishlaydigan yuqori texnologik mashinalardir. Zamonaviy qishloq xo‘jaligi tobora raqamlashmoqda va bo‘lajak mutaxassislar O‘zbekistondayoq kerakli bilimlarni olishmoqda. Ular Italiyaga kelib fermer xo‘jaliklarimizda ishlaganidan so‘ng yana-da yuqori malakaga ega bo‘ladi.

Bunday forumni o‘tkazish yaxshi tashabbus bo‘lib, O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega. Bunday yuqori darajadagi tadbirni tashkil etish mamlakatning jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston tobora ochiq davlatga aylanmoqda, o‘z fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda va bu katta hurmatga sazovordir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish