Allegra Pamela Bongo: O‘zbekistonga birinchi kelishimga qaramay, mamlakat ulkan yutuqlarga erishganini bemalol ayta olaman
Noyabr 29, 2026. 16:30 • 2 daq
• 100
TOSHKЕNT, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Gabonning Ispaniyadagi elchisi, BMT Turizm tashkiloti huzuridagi doimiy vakili Allegra Pamela Bongo “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan marosimda “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi:
– Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbir alohida ahamiyatga ega. Chunki gap shunchaki turizmni rivojlantirish haqida emas, balki turli tahdid va inqirozlarga dosh bera oladigan barqaror hamda bardoshli turizm haqida bormoqda.
Bu nafaqat bugungi kunimiz, balki farzandlarimiz va kelajak avlodlar uchun ham muhimdir. Shu boisdan, mamlakatim – Afrikada joylashgan Gabon uchun mazkur tadbirda ishtirok etish va bu jarayonning bir qismiga aylanish juda muhim.
Fikrimcha, Afrika va Markaziy Osiyo turizm sohasida ko‘p jihatdan o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. O‘rtadagi katta geografik masofaga qaramay, mamlakatlarimizni turizm sohasini rivojlantirishda madaniyatning muhim o‘rni birlashtirib turadi. Bizda umumiy manfaatlar va vazifalar mavjud bo‘lib, ularni hal etish birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab qiladi.
Xususan, transport infratuzilmasini takomillashtirish va davlatlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlash zarur. Hatto bir mintaqa doirasida ham ba’zan bir davlatdan ikkinchisiga yetib borish oson kechmaydi. Shu tariqa, Afrika va Markaziy Osiyo o‘xshash global muammolarga duch kelmoqda, ularni esa hamkorlik orqali yengib o‘tish mumkin. Zero, bizning muvaffaqiyatimiz – bu umumiy global vazifadir.
O‘zbekistonga birinchi marta kelishimga qaramay, bemalol ayta olamanki, mamlakatingiz ulkan yutuqlarga erishgan. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat bu yerda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalardan hali yetarlicha xabardor emas.
Go‘zal va jadal rivojlanayotgan yurtingizni aylanib, bir olam taassurotga ega bo‘ldim. Gabon va O‘zbekiston bir-biridan ko‘p narsani o‘rganishi, o‘zaro tajriba almashishi hamda ikki tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olishiga ishonchim komil.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi