Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Dekabr 01, 2025. 13:08 • 3 daq
• 245
TOSHKENT, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonga tashrif buyurgan Polsha qishloq xo‘jaligi vaziri Stefan Krayevskiy “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi rejalari haqida so‘zlab berdi.
– O‘zbekistonga xush kelibsiz. Tashrifingiz yakunlari bo‘yicha Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi agrar hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini eng istiqbolli, deb hisoblaysiz?
– Toshkentga birinchi marta kelishim. Haqiqatan, bu yerda tashkilotchilik darajasi aʼlo darajada. Samimiy qabul va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha mazmunli muhokamalar tashkil etildi. O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi muhim sherigi hisoblanadi va biz bu munosabatlarni tizimli va izchil rivojlantirish niyatidamiz.
Polsha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Bular sabzavotlar, mevalar, eng avvalo, polyak olmalari, go‘sht va sut mahsulotlari, qandolatchilik mahsulotlaridir. Shu bilan birga, biz o‘zbek tovarlari importiga ham ochiqmiz, bu o‘zaro savdoni muvozanatlashtirish imkonini beradi.
– Mamlakatning o‘sib borayotgan eksport salohiyatini hisobga olgan holda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo‘yicha Polsha investitsiyalarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqdami?
– Polshada ham, O‘zbekistonda ham savdo uylarini tashkil etish muzokara dasturiga kiritilgan. Bunday sheriklik aloqalari tovar ayirboshlashni tezlashtirish va barqaror yetkazib berishni taʼminlash imkonini beradi. Hozircha, umumiy maslahatlashuvlar olib borilmoqda, ammo, aniq qarorlar va rejalashtirish bilan shug‘ullanadigan ishchi guruhlar shakllantirilmoqda.
Polsha O‘zbekistonga istiqbolli hamkor sifatida qaraydi. Bizni o‘xshash muammolar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilik va suv tanqisligi birlashtiradi. Bularning barchasi yangi barqaror yechimlarni, qo‘shma ilmiy loyihalarni talab qiladi.
Oliy taʼlim muassasalarimiz o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini amalga oshirish, samarali loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar almashdik.
– Polsha o‘zbekistonlik hamkorlar bilan agrologistika, sertifikatlash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida texnologiyalar almashish imkoniyatlarini qanday baholaydi?
– Polshada yuqori sifatli, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga eʼtibor katta. Bu hamkorlarga standartlar va sertifikatlashtirish uchun qatʼiy talab qo‘yadi. Biz savdo-sotiqni kengaytirishda bu normalarning har ikki tomon ham bajarilishini taʼminlashni muhokama qildik.
Agrologistika alohida mavzu. Shu maʼnoda, Polsha o‘zbekistonlik tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqishga tayyor. Yaqin kunlarda hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab olish uchun Polsha infratuzilma vaziri bilan muzokaralar o‘tkazaman.
– Sizningcha, qanday qilib O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining Polsha va umuman Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishini tezlashtirishi mumkin?
– Muhim yo‘nalish – ikki mamlakat mahsulotlariga kirishning markaziy nuqtalariga aylanadigan savdo uylari. Polsha bozorini tahlil qilish, O‘zbekistondagi ehtiyojlarni o‘rganish va muvozanatli yetkazib berishni shakllantirish zarur. Gap, har bir tomon sunʼiy raqobat yaratmasdan, balki talab yuqori bo‘lgan tovarlarni yetkazib berishi haqida bormoqda.
Shuningdek, erkin savdo, qo‘shimcha to‘siqlarsiz amalga oshirish uchun veterinariya va sanitariya talablari hamda oziq-ovqat xavfsizligi normalarini muvofiqlashtirish kerak.
– Katta rahmat, yana bir bor O‘zbekistonga xush kelibsiz!
– Sizga ham tashakkur.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda