Germaniyadan e’tirof: Toshkentdagi mega-loyiha butunjahon e’tiboriga tushmoqda
Mart 26, 2026. 14:56 • 3 daq
• 44
BERLIN, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida faoliyat yuritayotgan “Cultur-Cooperation International e.V.” tashkiloti rahbari, islomshunos olima Ketlin Gyobel “Dunyo” AAga bergan intervyusida O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati haqida fikr bildirdi:
Ketlin Gyobelning ta’kidlashicha, tashkilot O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, turli vazirlik va idoralar bilan ilm-fan va madaniyat sohalarida uzoq yillardan beri samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ana shu hamkorlik doirasidagi eng muhim va intiqlik bilan kutilgan loyihalardan biri – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish jarayoni bo‘ldi.
Ekspert markaz qurilishi jarayonini xalqaro anjumanlar va kongresslar orqali muntazam kuzatib borganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan olimlar jalb etilgan mazkur loyiha o‘z ko‘lami va jadal rivoji bilan doim hayrat uyg‘otgan.
Bugungi kunda nafaqat bino qurilishi, balki uning interyeri ham to‘liq va mukammal tarzda jihozlangan. Markaz mahobati va mazmuni jihatidan dunyodagi eng yirik va zamonaviy muzeylardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Qolaversa, u qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro mukofotga ham sazovor bo‘lgan.
Olimaning fikricha, din inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, uning kundalik turmush tarzini shakllantiradi. Qadriyatlar, me’yorlar va xatti-harakatlarga ta’sir ko‘rsatadigan din amalda namoyon bo‘ladi, ya’ni sivilizatsiyaga aylanadi.
Shu nuqtai nazardan, markazning “Islom sivilizatsiyasi markazi” deb nomlanishi uning mazmunan keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi. Bu yondashuv dinni tor doirada emas, balki keng ijtimoiy va madaniy hodisa sifatida talqin qilish imkonini beradi.
Suhbat davomida O‘zbekiston hududida tarixan turli din va millat vakillari – musulmonlar, yahudiylar va boshqa jamoalar tinch-totuv yashaganligi alohida ta’kidlandi. Ular savdo, hunarmandchilik va ilm-fan sohalarida hamkorlik qilib, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini shakllantirgan. Bu esa mamlakatda ko‘pqirrali madaniy muhit va kuchli bag‘rikenglik an’analari mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Markazda eng ilg‘or texnologiyalar – sun’iy intellekt, interaktiv “talking heads” tizimlari va boshqa innovasion yechimlardan foydalanilmoqda. Bu orqali o‘tmishdagi tarixiy jarayonlar bugungi kun bilan bog‘lanmoqda.
Bu yondashuv insoniyat faqat o‘tmish bilan cheklanib qolmasdan, balki tarixiy merosning bugungi kundagi ahamiyatini ham anglashi lozimligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk allomalar jahon ilm-fani va falsafasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Ular Yevropada o‘rta asrlar davri ilm-fani rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Shu bois, mazkur markaz nafaqat milliy, balki global ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida baholanmoqda.
Bu tashabbus zamirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi va strategik qarashlari yotadi. Markaz yangi ochilganiga qaramay, allaqachon ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar u yerda o‘z vakolatxonalarini ochishni boshlagan. Bu esa ular o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlikni ta’minlash imkonini bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi