Iman Al Madhun: Yuksak eʼtibor va g‘amho‘rlikka qaramay, qalbimda og‘ir dard ham bor – turmush o‘rtog‘im va qizim G‘azoda halok bo‘lgan
Mart 02, 2026. 15:32 • 3 daq
• 38
TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda “Dunyo” axborot agentligi vakillari Falastindagi G‘azo sektoridan yurtimizga evakuatsiya qilingan falastinlik oilalardan biri –Iman Al-Madhun xonadonida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muqaddas Ramazon oyida tashkil etilgan ushbu tashrif rasmiy uchrashuvdan ko‘ra, avvalo insoniy muloqot, moddiy-maʼnaviy ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish bo‘ldi. Suhbat davomida oilaning bugungi turmush tarzi, yaratilgan sharoitlar hamda ularning kechinmalari bilan o‘rtoqlashildi.
2024-yil oxirida O‘zbekiston tomonidan G‘azo sektoridagi qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan falastinlik ayollar, bolalar va ularning yaqinlarini evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirilgan edi. Ular maxsus reyslar orqali mamlakatimizga olib kelinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda davolanish va vaqtincha yashash uchun barcha zarur sharoitlar bilan taʼminlandi.
So‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat, ayniqsa, G‘azo sektoridagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzaga kelgan gumanitar muammolar butun dunyo jamoatchiligini tashvishga solmoqda. Qurolli mojarolar natijasida minglab tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar jabr ko‘rdi. Shu bois, xalqaro hamjamiyat tomonidan urushdan zarar ko‘rgan aholiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, ularni xavfsiz hududlarga olib chiqish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston ham ushbu masalaga befarq qolmay, Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, mamlakat rahbariyati xalqaro minbarlarda G‘azo sektoridagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini izchil taʼkidlab kelmoqda.
Mazkur insonparvarlik tashabbuslarini tizimli ravishda davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, evakuatsiya qilingan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish, taʼlim olish va mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda vaqtincha boshpana topgan falastinlik oilalar uchun munosib hayot sharoitlari yaratilgan. Ular tibbiy yordam olmoqda, farzandlari taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda, ayrimlari esa ish bilan taʼminlanib, yangi hayotni boshlamoqda. Yurtimizga evakuatsiya qilingan Iman Al-Madhun suhbat davomida hayot yo‘li, boshidan kechirgan og‘ir sinovlari haqida to‘xtalib o‘tdi:
– O‘g‘lim Karimni davolash va sog‘lig‘ini tiklash uchun O‘zbekistonga keldim. Avvalo, o‘zbek xalqiga yuksak eʼtibor va ko‘mak uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Bu yerda bizga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yashash uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Shuncha eʼtibor va g‘amho‘rlikka qaramay, qalbimda og‘ir dard ham bor: turmush o‘rtog‘im va qizim G‘azoda halok bo‘ldi, yana bir qancha yaqinlarim hali ham u yerda qolgan. Shu bois, O‘zbekiston Prezidentidan iltimos qilardimki, imkoni bo‘lsa, ular bilan ko‘rishishim uchun yordam bersa.
O‘zbekistonga kelganimizdan so‘ng, o‘zimizni xavfsiz his qildik. O‘zbek xalqi bizni juda iliq kutib oldi. Davlat tomonidan yashash joyi, oziq-ovqat va kundalik hayot uchun zarur yordamlar taʼminlab berildi. Hozirda men oilam bilan shu xonadonda yashayapman. Bolalar maktabga qatnamoqda, men esa shirinlik fabrikasida ishlayapman. Mana shu pishiriqlar ham aynan bizning qandolatxona mahsulotlari. Bugun bizni iftorlik dasturxoniga taklif qilishdi. Masʼullar bilan yaqindan tanishib, suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldik. Yana bir bor O‘zbekiston xalqi va davlatiga minnatdorlik bildiraman.
Iman Al Madhunning kechinmalari – bu faqat bir oilaning hikoyasi emas. Uning ortida O‘zbekistonda vaqtincha boshpana topgan yuzga yaqin falastinlik oilalar taqdiri ham mujassam. Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro maydonda Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi