O‘zbekiston elchixonasida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Iyul 13, 2026. 19:00 • 2 daq
• 189
TOKIO, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasida qatnashuvchi Yaponiya terma jamoasi aʼzolari, ularning ustozlari va kuzatuvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida mehmonlarga O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish borasida erishilayotgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, nufuzli Xalqaro kimyo olimpiadasining ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani mamlakatimiz taʼlim tizimidagi yangilanishlar va xalqaro eʼtirofning yana bir amaliy natijasidir. Anjuman doirasida dunyoning qariyb 100 mamlakatidan 400 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar yurtimizga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari uchun O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi qadimiy shaharlarning jozibador sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, yurtimizning zamonaviy turistik infratuzilmasi va o‘zbekona mehmondo‘stlik anʼanalarini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi.
Tadbir doirasida yaponiyalik o‘quvchilar uchun “O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusida interaktiv savol-javob viktorinasi tashkil etildi. Unda yaponiyalik yoshlar yurtimiz tarixi, madaniyati, geografiyasi va milliy qadriyatlariga oid savollarga faol javob berib, o‘z bilimlarini yana-da boyitdi. Shu bilan birga, olimpiadaning rasmiy dasturi, ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va tashkil etiladigan madaniy tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish, umumtaʼlim muassasalari o‘rtasida o‘quvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, fan olimpiadalari g‘oliblarining o‘zaro tashriflarini uyushtirish hamda yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonga tanishuv sayohatlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Yaponiya terma jamoasi aʼzolari va ustozlari O‘zbekistonda o‘tadigan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonch bildirib, mamlakatimizga bo‘lajak tashrifni katta qiziqish va intiqlik bilan kutayotganini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi