SMTI eksperti: O‘zbekiston va Hindiston traektoriyalarining tutashuvi ikki mamlakat sherikligini Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi ko‘priklardan biriga aylantirishga qodir

Avgust 29, 2026. 17:30 • 10 daq

509
SMTI eksperti: O‘zbekiston va Hindiston traektoriyalarining tutashuvi ikki mamlakat sherikligini Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi ko‘priklardan biriga aylantirishga qodir

TOSHKENT, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Dilorom Mamatkulova mamlakatimizga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining davlat tashrifi munosabati bilan “Dunyo” AAga O‘zbekiston-Hindiston munosabatlariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini taqdim etdi:

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek-hind munosabatlari mutlaqo yangi dinamika kasb etganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Strategik sheriklik asosan siyosiy muloqot doirasidan chiqib, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik tusini oldi. U siyosat, iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar, ta’lim, xavfsizlik va transport yo‘nalishlarini qamrab oldi.

Ushbu o‘zgarishlar negizida ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi, munosabatlar keskin ziddiyatlardan holiligi, xalqlarning tarixiy yaqinligi va iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirib turishi yotadi. Boshqacha qilib aytganda, aloqalar institutsional mustahkamlanib va iqtisodiy jihatdan kengayib, qo‘shilgan qiymatni birgalikda yaratish sari bosqichma-bosqich o‘tish davriga kirdi.

Birinchidan, siyosiy muloqot tizimli va ishonchli tus oldi.

2017-yil iyunidan buyon yuzma-yuz va masofaviy formatlarda oliy darajada kamida oltita ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular qatoriga Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modining 2017-yilda Ostonadagi SHHT sammiti doirasidagi uchrashuvi, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yilda Hindistonga davlat tashrifi, 2019-yilda Gujarat shtatiga ishchi tashrifi, 2020-yilda ilk ikki tomonlama virtual sammit, 2022-yilda Samarqand SHHT sammiti doirasidagi uchrashuv hamda 2025-yil avgust oyida yetakchilarning telefon orqali muloqoti kiradi. Siyosiy muloqotlarning barqarorligini “Hindiston-Markaziy Osiyo” sammiti, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar, hukumatlararo komissiya va parlamentlararo aloqalar ta’minlab turadi.

Yangi bosqichning siyosiy boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan 2018-yilgi davlat tashrifini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Chunki bu tashrif qabul qilingan hujjatlar iqtisodiyot, turizm va fandan tortib, mudofaa va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashgacha bo‘lgan strategik sheriklik mazmunini sezilarli darajada kengaytirdi. 2020-yilgi virtual sammit savdo hajmini 1 milliard AQSH dollarga yetkazish bo‘yicha umumiy maqsadni belgilab berdi. 2025-yilda savdo hajmi bu belgilangan ko‘rsatkichdan oshib ketdi.

Toshkent va Dehli BMTning markaziy rolini kuchaytirish, terrorizmga qarshi kurashish, Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish va ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish borasidagi yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlaydilar.

Ikki mamlakat qutbchilik tafakkuridan xoli bo‘lgan hamkorlikni yoqlab, strategik avtonomiya siyosatini yuritadi. Aynan shu yaqinlik ularning munosabatlarini tashqi kutilmagan siyosiy vaziyatlarga nisbatan mustahkam turishiga yordam beradi.

Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada tezlashdi.

2016-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 366 million AQSH dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga ko‘ra 1,3 milliard AQSH dollarga yetdi.

Shunday qilib, islohotlar davrida u taxminan 3,6 barobar oshdi, shu jumladan, faqatgina o‘tgan yilning o‘zida 33,3 foiz o‘sish kuzatildi. Yaqingacha ulkan vazifa sifatida qabul qilingan ushbu maqsad endilikda ortda qoldi.

O‘zaro aloqalar modelining o‘zgarib borayotgani ham birdek muhimdir. Kun tartibi tayyor mahsulotlarni import va eksport qilishdan lokalizatsiya, texnologiyalar transferi va sanoat kooperatsiyasiga bosqichma-bosqich o‘tib bormoqda.

2022-yil avgust oyida ikki davlat yetakchilari olti yil ichida qo‘shma korxonalar soni besh barobar oshganini qayd etgandilar. 2025-yil avgust holatiga ko‘ra, qariyb 40 ta yangi qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi, yetakchi hind kompaniyalari bilan istiqbolli tashabbuslar portfeli esa 2 milliard AQSH dollarga yetdi.

Uchinchidan, munosabatlarning texnologik va gumanitar mazmuni sifat jihatidan boyidi.

Hindiston kapitali eng ko‘p farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va axborot texnologiyalarida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali – Toshkent shahrida Amiti, Andijonda Sharda, Jizzaxda Sambxram va Buxoroda Acharya faoliyat yuritib, yangi iqtisodiyot uchun kadrlar poydevorini shakllantirmoqda. Andijon viloyati va Gujarat shtati o‘rtasidagi sheriklik, hamda ikki davlat o‘rtasidagi havo yo‘llari qatnovi va sayyohlik almashinuvining kengayishi munosabatlarni hamkorlikning yangi va samarali bosqichiga olib chiqmoqda.

Shu bilan birga, erishilgan o‘zaro aloqa darajasi mamlakatlarimiz ixtiyoridagi ulkan salohiyatni hali to‘liq aks ettirmayapti. Hindiston dunyodagi eng yirik bozorlardan biri hamda axborot texnologiyalari, farmatsevtika, muhandislik va tadbirkorlikning xalqaro markazidir. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega bozori, jadal islohotlar qilinayotgan iqtisodiyot va mintaqaviy bog‘liqlikning tabiiy halqasi hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, yangi bosqichning asosiy vazifasi yuqori darajadagi siyosiy ishonchni iqtisodiy hamkorlikning barqaror infratuzilmasiga aylantirishdan iborat. Hamkorlikni bir necha barobar ko‘paytirish uchun sa’y-harakatlarni quyidagi yo‘nalishlarga qaratish maqsadga muvofiqdir.

Birinchidan – transport bog‘liqligi va logistika.

Hindiston uchun Markaziy Osiyoga chiqish strategik ahamiyatga ega.

Mintaqamiz 80 milliondan ortiq aholiga ega bozor, resurslar va o‘sib borayotgan talabga ega, biroq Hindiston bilan umumiy chegara yo‘qligi va tranzit cheklovlari ikki tomonlama savdoning susayishiga sabab bo‘ladi. Hindistonning mintaqadagi beshta davlat bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uning iqtisodiy salohiyatiga umuman mos kelmasligi diqqatga sazovordir. Ikki karra quruqlik bilan o‘ralgan mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston uchun transport xarajatlari yurtimozning eksport raqobatbardoshligini bevosita belgilab beruvchi asosiy omildir.

“Hindiston – Eron (Chabahor porti) – Turkmaniston – O‘zbekiston” yo‘nalishi amaliy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 2018-yilda Hindiston “Shahid Beheshti” terminalini boshqarishda qatnasha boshladi. 2024-yilda o‘n yillik shartnoma imzolangan vaqtga kelib, u orqali turli toifadagi 8 million tonnadan ortiq yuk va 90 mingga yaqin yigirma futlik ekvivalentdagi konteyner tashib o‘tildi. Dehli Chabahor portini siyosiy jihatdan zaif savdo yo‘nalishlarini chetlab o‘tgan holda Afg‘oniston va Markaziy Osiyoga kirish nuqtasi sifatida qabul qiladi, Toshkent esa Hind okeaniga va dunyodagi eng yirik bozorlardan biriga chiqish imkoniyati sifatida ko‘radi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Yaqin Sharqdagi davom etayotgan geosiyosiy tanglikka qaramay, Hindiston “Shimol–Janub” xalqaro savdo yo‘lagiga qat’iy sodiqligini namoyish etmoqda hamda ushbu yo‘lakning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan Chabahor porti infratuzilmasini rivojlantirishga o‘z sarmoyalarini keyinchalik ham yo‘naltirishni davom ettirishga tayyorligini bildirmoqda.

Shu munosabat bilan, qat’iy jadvalga ega bo‘lgan muntazam konteyner qatnovi va yagona transport hujjatlarini joriy etish alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu yo‘nalishni “Shimol-Janub” yo‘lagi va Ashxobod bitimi bilan integratsiya qilish yetkazib berish muddatlarini qisqartirishi mumkin. Gap faqat transport haqida ketayotgani yo‘q. Bu yo‘lak savdo, sanoat kooperatsiyasi va boshqa sohalarning rivojlanishiga turtki bo‘la oladi.

Ikkinchidan – raqamli iqtisodiyot, IT-autsorsing va sun’iy intellekt.

Hindiston global raqamli bozorda yetakchi o‘rinlarni egallaydi hamda ilg‘or texnologiyalar, kadrlar tayyorlash, kompaniyalarni kengaytirish va tashqi bozorlarda ishlash bo‘yicha ulkan tajribaga ega.

O‘zbekiston ham shunday eksportga yo‘naltirilgan yo‘nalishni rivojlantirmoqda. Milliy statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonning IT-xizmatlar eksporti 545,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 61,8 million AQSH dollarga yoki 12,8 foizga ko‘pdir. 2030-yilga mo‘ljallangan strategik maqsad eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 300 ta ish o‘rni yaratish va BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksida kuchli 30 talikka kirishdan iborat.

Mamlakatning raqobatdosh ustunliklari – yosh aholi, nisbatan past operatsion xarajatlar, soliq imtiyozlari va Markaziy Osiyo bozorlariga qulay kirish imkoniyatidir.

Bu yerda o‘zaro manfaatdorlik yaqqol ko‘rinib turibdi. Hindiston kompaniyalari o‘zlarining kadrlar va geografik bazasini diversifikatsiya qilgan holda, O‘zbekistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va biznes-jarayonlarni autsorsing qilish markazlarini joriy etishlari mumkin.

Uchinchidan – farmatsevtika, biotexnologiya va tibbiy xizmatlar.

Hindiston dori vositalarining umumiy hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik yetkazib beruvchi davlatlardan biri bo‘lib, uning ulushi xalqaro bozorda taxminan 20 foizni tashkil qiladi.

2025-yilda Hindistonning farmatsevtika eksporti 30,5 milliard dollarga yetdi va 191 davlatni qamrab oldi. Tibbiy mahsulotlar eksporti 4,1 milliard AQSH dollarni tashkil etdi. Hindistonning ustun jihatlari – bu ishlab chiqarish ko‘lami, narxlarining muqobilligi va qattiq tartibga solinadigan bozorlarda ishlashga moslashuvchanlik tajribasining uyg‘unligidir.

Aholisi o‘sib borayotgan va dori vositalari hamda tibbiy xizmatlarga talabi ortib borayotgan O‘zbekiston uchun bu hamkorlik yuqori sifatli dorilar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosish va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish vazifalarini bir vaqtning o‘zida hal qiladi. Hindiston kompaniyalari uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozori va ishlab chiqarish bazasi sifatida muhim bo‘lsa, O‘zbekiston uchun Hindiston texnologiyalar va kadrlar tayyorlash manbai sifatida zarurdir.

Bizning nazarimizda, yig‘ish va qadoqlashdan to‘liq siklga o‘tish zarur. Farmatsevtika mahsulotlarining faol moddalari, vaksinalar, diagnostika tizimlari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish, shuningdek, qo‘shma tadqiqotlar va klinik sinovlar o‘tkazish lozim. Kelajakda qo‘shma klinikalar va tibbiy turizmni rivojlantirish ham katta salohiyat kasb etadi.

To‘rtinchidan – agrosanoat kooperatsiyasi va suvni tejash.

Hindiston va O‘zbekiston ham yirik qishloq xo‘jaligi sektoriga ega bo‘lib, suv tanqisligi, iqlim bilan bog‘liq xavflar va hosilni yig‘ib olishdan keyingi yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Hindiston tomchilatib sug‘orish, seleksiya, dalalarni raqamli monitoring qilish, qayta ishlash va tez buzuladigan mahsulotlarni sovutish zanjirlarni yaratish borasida ulkan tajribaga ega. O‘zbekiston talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlar, to‘qimachilik xomashyosi va qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqaradi, biroq Hindiston bozoriga kirish logistika va fitosanitariya tartib-taomillari biroz noqulayliklarga ega.

Qo‘shma loyihalar butun ta’minot zanjirini – urug‘lar va suvni tejaydigan texnologiyalardan tortib sovutkichli omborlar, qadoqlash, sertifikatsiyalash va eksport qilishni qamrab olishi kerak. Hindiston uchun bu Markaziy Osiyoda agrotexnologiya kompaniyalarini tashkil etish va oziq-ovqat yetkazib berishni diversifikatsiya qilish imkoniyati bo‘lsa, O‘zbekiston uchun hosildorlikni oshirish, tez buzuladigan mahsulotlarni yaxshi holatda saqlash va 1,4 milliarddan ortiq aholiga ega bozorga chiqish imkoniyatidir. Fitosanitariya standartlarini uyg‘unlashtirish va tez buziladigan mahsulotlar uchun “yashil yo‘lak” yaratish alohida vazifa bo‘lishi lozim.

Beshinchidan – muhim ahamiyatga ega minerallar va “yashil” energetika.

Jadal rivojlanib borayotgan Hindiston sanoati – elektronika, akkumulyatorlar, elektromobillar va qayta tiklanadigan energiya mis, uran, shuningdek, nodir va muhim minerallarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Hindiston ta’minotni diversifikatsiya qilishga va tashqi manbalarning cheklangan doirasiga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda. O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun muhim bo‘lgan 32 turdagi foydali qazilma zaxiralariga ega.

O‘zaro manfaat xomashyoni oddiygina sotishda emas, balki qo‘shma qiymat zanjirlarini, jumladan, geologik qidiruv, “yashil” metallni qayta ishlash, elektronika va quyosh energetikasi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, shuningdek, o‘g‘itlar va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni shakllantirishdan iborat. Hindiston yanada barqaror resurs bazasiga ega bo‘ladi, O‘zbekiston esa kapital, texnologiya va barqaror talabni qo‘lga kiritadi. Ushbu model Yangi O‘zbekistonning asosiy tamoyiliga mos keladi. Har bir investitsiya loyihasi texnologiya, tajriba va eksportda qo‘shilgan qiymat keltirishi kerak.

Oltinchidan – ta’lim, fan va inson kapitalining harakatchanligi.

Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali ta’limni o‘zaro munosabatlarning eng sezilarli ustunlaridan biriga aylantirib ulgurdi. Ammo ehtiyoj bundan ancha kengdir. Axborot texnologiyalari sohasida 30 mingta ish o‘rni yaratish, farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish va muhandislik tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlariga erishish uchun O‘zbekistonga amaliy ko‘nikmalarga ega o‘n minglab mutaxassislar kerak. Hindiston esa keng ko‘lamli texnik va tibbiy ta’lim tizimiga hamda xalqaro kompaniyalar uchun kadrlar tayyorlash tajribasiga ega.

Keyingi qadam qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlari, qo‘shma diplom dasturlari, korxonalarda bazaviy kafedralar ochish bo‘lishi kerak. Hindiston uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ta’lim markaziga aylanishi mumkin, O‘zbekiston uchun esa hind dasturlari muhandislik, raqamli va boshqaruv kapitalini jadal rivojlantirish vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ta’lim investitsiyalar, fan va ishlab chiqarishni bog‘lovchi ko‘prikka aylanib, uzoq muddatli sheriklik uchun yagona ekotizimni shakllantirishi lozim.

Shunday qilib, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston va Hindiston munosabatlari natijaga yo‘naltirilgan strategik sheriklikka aylanishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatdi.

Belgilangan yo‘nalishlarning izchil amalga oshirilishi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishiga shubha yo‘q. Bugungi kunda ikki mamlakatning ustuvor yo‘nalishlari obyektiv ravishda uyg‘unlashmoqda.

O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlik markaziga aylanib borayotgan bo‘lsa, Hindiston global iqtisodiyot va siyosatning asosiy qutblaridan biriga aylanmoqda. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga ayni paytdagi tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga katta turtki bo‘lib, erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va strategik sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini berishi shubhasiz. Ikki davlat trayektoriyalarining yaqinlashuvi o‘zbek-hind sherikligini Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi ko‘priklardan biriga aylantirishi mumkin.


Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish