Anqaradagi uchrashuv va muzokaralar O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasida yangi sahifa ochmoqda
Noyabr 03, 2026. 10:30 • 5 daq
• 119
TOSHKЕNT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining Iqtisodiy sohada qonunchilik sho‘basi mudiri, professor Komil Rashidov “Dunyo” AAga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amaliy tashrifi va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:
– Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini izchil amalga oshirish, xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni muntazam va samarali olib borish tashqi siyosatning konstitutsiyaviy asoslariga to‘la mos keladi.
“Maqsad–harakat– natija” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan Yangi O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasi ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yo‘lida yuqori darajadagi ko‘p tomonlama diplomatiya maydonlarida ham aniq mazmun bilan boyib bormoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 29–30-oktabr kunlari Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga amalga oshirgan amaliy tashrifi doirasida oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, ishbilarmon doiralar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularga huquqiy yordam ko‘rsatish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.
Yangi tashkil etilgan Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengash ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi formati hisoblanadi. Uning faoliyati tadbirkorlarni keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlash, to‘siqlarni tezkorlik bilan bartaraf etish va o‘zaro savdo-iqtisodiy sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Yangi kengash va amaldagi qo‘shma hukumatlararo komissiya davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasini birgalikda hal etadi. Bunga Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida mahsulotlar ro‘yxatini hamda istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish hisobiga erishiladi.
Hamkorlikning ushbu iqtisodiy tuzilmalari, jumladan, O‘zbekiston–Turkiya ishbilarmonlar kengashi ikki davlat rahbarlari boshchiligidagi Strategik hamkorlik kengashi faoliyatida muhim vositaga aylanadi.
Davlatimiz rahbarining Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari biznes vakillarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat berdi. Mazkur uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlikning quyidagi istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi:
“Anadolu Group” xoldingi bilan Samarqanddagi “SamAvto” korxonasini modernizatsiya qilish, uning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahsulot eksporti hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalari muhokama qilindi;
“Evyap Holding” kompaniyasi shaxsiy gigiyena vositalari va kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga, “OSTIM Global” esa O‘zbekiston–Turkiya sanoat zonasida ishga tushirilayotgan yangi loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi;
“EKSIM Holding” kompaniyasi bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energetika, geologiya va tog‘-kon sanoati, infratuzilma, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini yaratish hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida loyihalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi;
“OYAK” kompaniyasi Yangi O‘zbekistonda kimyo sanoati, geologiya va qurilish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorligi, Yangi Toshkentda turar-joy majmualari va tashqi infratuzilma obyektlarini barpo etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, Konstitutsiya, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilik hamda Turkiya bilan investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim qoidalari Anqarada Turkiyaning yetakchi ishbilarmon doiralari bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu uchrashuvlarda davlatimiz rahbari mamlakatimizning Turkiya bilan izchil rivojlanib borayotgan strategik sheriklik munosabatlarida ishbilarmon doiralarning o‘rni va hissasi salmoqli ekanini alohida ta’kidladi.
Iqtisodiy diplomatiya sohasida yangi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni ko‘p tomonlama format doirasida ham davom ettirish taklif etildi.
Xususan, O‘zbekiston rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitidagi nutqida noyob minerallarni qayta ishlash va “yashil” energetika uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oluvchi “Turkiy dunyo – 100” dasturini qabul qilish taklifini ilgari surdi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jamlangan Turkiy investitsiya jamg‘armasi resurslarini jalb etish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomonining boshqa muhim tashabbuslari quyidagi takliflardan iborat bo‘ldi:
– tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan “Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnomani ishlab chiqish, huquqiy yordam so‘rovlari hamda tegishli hujjatlar bilan elektron almashish uchun mo‘ljallangan raqamli platformani yaratish;
– tashkilotga a’zo davlatlarning xalqaro yuk tashish va logistikadagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy manfaatdorlikni oshirishga xizmat qiluvchi “Turkiy davlatlar logistika majmualari tarmog‘i”ni tashkil etish hamda uni birgalikda boshqarishni ta’minlash;
– turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil etish, fuqarolarning o‘zaro safarlarini soddalashtirish va ID-kartalar orqali harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish haqida so‘z bordi.
Turkiyaga amaliy tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning tarixiy ahamiyati, imzolangan ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar hamda ishbilarmonlik uchrashuvlari mamlakatimiz iqtisodiy diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
Bu O‘zbekiston–Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni aniq yutuqlar bilan boyitish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni turkiy birdamlik yo‘lida yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi