SMTI: Kuchli va o‘zaro bog‘liq Markaziy Osiyo – Yevroosiyo makonining barqarorlik asosi

May 18, 2026. 11:55 • 5 daq

111
SMTI: Kuchli va o‘zaro bog‘liq Markaziy Osiyo – Yevroosiyo makonining barqarorlik asosi

GELENJIK, 18-may. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Gelenjik shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlarning yetakchi tahliliy, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillarini birlashtirgan “Rossiya – Markaziy Osiyo: yangi dunyo tartibida navigatsiya” mavzusidagi “Valday” xalqaro munozara klubining VI Markaziy Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kun tartibidan xalqaro munosabatlar transformatsiyasi sharoitida Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, transport-logistika aloqadorligini kuchaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy sohalardagi o‘zaro hamkorlik masalalari asosiy o‘rin oldi.

Tadbirda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti, Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim instituti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Kuban va Tomsk davlat universitetlari, Krasnodar o‘lkasi va Gelenjik shahri maʼmuriyatlari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, forumda O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi, jumladan, SMTI, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, MOXI va Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti rahbariyati hamda ekspertlari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ikkinchi sessiya moderatori sifatida so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov uzoq muddatli hamkorlik kun tartibini shakllantirishda Markaziy Osiyoning sifat jihatidan yangi rolidan kelib chiqish muhimligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi qo‘shnichilik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosat tufayli mintaqa yana-da barqarorlashdi, o‘z subyektligini kuchaytirdi va bugungi kunda Yevroosiyoning iqtisodiy va transport-logistika aloqalarining asosiy markazlaridan biriga aylanmoqda.

Markaziy Osiyo chekka tranzit hududidan asta-sekin Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarining eng muhim chorrahasiga aylanib borayotgani taʼkidlandi. Mintaqa mamlakatlari nafaqat o‘zining geografik joylashuvidan foydalanishga, balki transport arteriyalari bo‘ylab yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat markazlari, ishlab chiqarish zanjirlari va logistika xizmatlarini shakllantirish orqali undan foydalanishga intilmoqda. Aslida, mintaqa tranzit modelidan sanoat-logistika integratsiyasi modeliga o‘tmoqda, bu yerda transport yo‘laklari chuqur sanoatlashtirish va yangi qiymat zanjirlariga qo‘shilish uchun rag‘batlantiruvchi omilga aylanmoqda.

Akramjon Neʼmatovning fikricha, aynan Markaziy Osiyoning ushbu yangi roli Rossiya va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik kun tartibini shakllantirish uchun asos bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari ochiqlik siyosatini olib borayotgani va barcha tashqi hamkorlar bilan konstruktiv munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekani alohida taʼkidlandi. Mintaqa qarama-qarshilikdan manfaatdor emas va Yevroosiyoni keng, inklyuziv va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoni sifatida ko‘radi.

SMTI vakilining taʼkidlashicha, zamonaviy dunyo noaniqlikning kuchayishi va global barqarorlikning pasayishi bilan birga chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bunday sharoitda barqaror va oldindan aytib bo‘ladigan rivojlanish muhitini yaratish uchun mintaqaviy masʼuliyatning ahamiyati ortib bormoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tarixan shakllangan iqtisodiy, transport va gumanitar o‘zaro bog‘liqlik hududi bo‘lgan Yevroosiyo tabiiy chegara hisoblanadi.

Akromjon Neʼmatovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevroosiyoda ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini shakllantirish siyosatini izchil olib bormoqda. Ushbu strategiya doirasida MDH, SHHT, YEOII, OHICHK, IHT va TDT kabi ko‘p tomonlama platformalar orqali transport aloqalarini, sanoat kooperatsiyasini, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga yo‘naltirilgan amaliy kun tartibi ilgari surilmoqda. 2016-yildan buyon O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o‘nlab tashabbuslar ilgari surib kelinmoqda.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida mamlakatning oliy siyosiy rahbariyati darajasida Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni institutsionallashtirishga qaratilgan kompleks mintaqaviy kun tartibi izchil ishlab chiqilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada o‘zaro hamkorlikning yangi arxitekturasini yaratishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda, jumladan, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish, shuningdek, umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan Samarqand birdamlik tashabbusini ilgari surmoqda.

Ekspertning fikricha, asosiy masala izolyatsiya haqida emas, balki ayni vaqtda ham ichki barqaror, ham tashqi dunyo uchun ochiq mintaqani shakllantirish haqida ketmoqda. Ana shunday siyosat tufayli Markaziy Osiyo yana-da barqarorlashib, jadal rivojlanayotgan bozorga aylanmoqda hamda muhim logistika habi va sanoat yuksalishi markazi sifatidagi o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo subyektligi tobora ortib borayotgan yaxlit bir mintaqa sifatida namoyon bo‘layotgani alohida taʼkidlandi. Bu, bir tomondan, ichki vazifalarni samaraliroq hal etishga imkon bersa, ikkinchi tomondan, Yevroosiyoda barqarorlikning mustaqil omili bo‘lib xizmat qilishiga zamin yaratadi. Mohiyatan, mintaqa Yevroosiyo meʼmorchiligining tayanch unsurlaridan biriga aylanmoqda va bu tamoyilni qo‘llab-quvvatlash barcha tashqi hamkorlarning manfaatlariga mos keladi.

Muhokama chog‘ida “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatining strategik ahamiyati ortib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. SMTI vakilining fikricha, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma infratuzilma loyihalari, energetika sohasidagi hamkorlik va gumanitar aloqalarni rivojlantirish butun Yevroosiyo makonining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida, Akramjon Neʼmatov bugungi kunda Markaziy Osiyo avvalgi “bufer hudud” degan tasavvurdan xoli bo‘lib, o‘z kun tartibiga ega mustaqil subyekt sifatida namoyon bo‘layotganini taʼkidladi. Mintaqaning strategik maqsadi – xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash masʼuliyatini o‘z zimmasiga olgan holda barcha tashqi sheriklar bilan ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat ekanligini taʼkidladi.

“Kuchli, iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan va barqaror Markaziy Osiyo butun Yevroosiyo makoni ishtirokchilarining strategik manfaatlariga mos keladi. Global o‘zgarishlar sharoitida aynan mintaqaviy hamkorlik formatlari yangi barqarorlikning asosini taʼminlaydi”, – deya qayd etdi SMTI vakili.

U O‘zbekiston mintaqa oldidagi masʼuliyat kun tartibini ilgari surar ekan, Rossiya bilan sheriklik butun Yevroosiyo makonining uzoq muddatli rivojlanishi va barqarorligining muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladigan konstruktiv hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy modelini yaratishga intilayotganini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish