Moskvadan munosabat: Buxoro zaminida O‘zbekiston–Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlandi
Aprel 15, 2026. 08:55 • 2 daq
• 123
MOSKVA, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov “Dunyo” AA muxbiriga Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi haqida fikr bildirdi:
– Qozog‘iston Prezidenti Buxoro shahriga tashrif buyurib, ikki davlat rahbarlari rasmiy delegatsiyalar ishtirokida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev “AI Hackathon” umummilliy tadbirida qatnashib, shahardagi bir qator sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishgan.
Tashrif doirasida Qozog‘iston Prezidenti Buxoroning tarixiy va meʼmoriy yodgorliklarini ham ziyorat qildi. Fikrimcha, bunday madaniy uchrashuvlar Markaziy Osiyodagi qo‘shni xalqlarni maʼnaviy jihatdan yana-da yaqinlashtiradi va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Ushbu tashrifning eng muhim jihati uning mintaqaviy ahamiyatidadir. Hozirgi beqaror xalqaro vaziyat sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi bunday muloqotlar qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni kuchaytiradi.
O‘ylashimcha, qo‘shni davlatlar o‘rtasida ijtimoiy va madaniy aloqalar qanchalik mustahkam bo‘lsa, davlat rahbarlari uchun muhim masalalarni hal qilish ham shunchalik osonlashadi.
Bugungi kunda dunyoda turli siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro hamkorlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida harakat qilmoqda.
Menimcha, mintaqa davlatlarining yaqin hamkorligi ularga mavjud murakkab sharoitlarni kamroq yo‘qotishlar bilan yengib o‘tish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Buxoro kabi qadimiy shaharlarda, o‘z ajdodlariga daxldor tarixiy meros oldida turib, ikki xalq oldidagi masʼuliyatni yanada chuqur his etishlari mumkin.
Eng muhimi, bu muqaddas zamin butun Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni taʼminlash yo‘lida tarixiy va maʼnaviy yo‘l ko‘rsatuvchi vazifasini bajaradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi