O‘zbek va qozoq yetakchilari o‘rtasidagi uchrashuvlar ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi
Aprel 16, 2026. 22:00 • 2 daq
• 124
PEKIN, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Xitoyning nufuzli “Psearcher” jurnali muharriri Van Minmey “Dunyo” AA muxbiriga Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Xitoy Qozog‘iston va O‘zbekistonni muhim chegaradosh davlatlar, yirik savdo hamkorlari va yaqin do‘st mamlakatlar sifatida ko‘radi. Shu bois, ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama loyihalardagi hamkorlikning ahamiyati va ko‘lami yuqori baholanadi.
O‘ylashimcha, davlat rahbarlarining deyarli har yili o‘zaro tashriflarni amalga oshirishi va xalqaro hamda mintaqaviy maydonlarda muntazam uchrashib turishi ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam aloqalardan dalolat beradi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilgani, Oliy davlatlararo kengash va boshqa qator tuzilmalar tashkil etilgani ham o‘zaro hamkorlik yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Fikrimcha, Prezident Qasim-Jomart Toqayevning Buyuk Ipak yo‘li davridan beri ochiq osmon ostidagi muzey sifatida tanilgan Buxoro shahriga tashrifi alohida ahamiyatga ega. Qozog‘iston Prezidentini aeroportda shaxsan O‘zbekiston Prezidenti kutib olgani esa ikki mamlakat o‘rtasidagi yuksak hurmat va do‘stlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda O‘zbekistonga eng yirik sayyohlar yetkazib beruvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat rahbarlarining yirik turizm obyektlariga, jumladan, Bahouddin Naqshbandiy maqbarasiga birgalikda tashrif buyurishi katta ahamiyatga ega. Bu kelgusida sayyohlar oqimini, ayniqsa ziyorat turizmini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur tashrif O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati tashabbuskori sifatida Xitoy ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi hamkorlik yana-da mustahkamlanishidan manfaatdor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi