O‘zbekistonda “Shiroq” nomli tarixiy film suratga olish ishlari yakunlandi

Noyabr 07, 2026. 10:30 • 2 daq

• 71
O‘zbekistonda “Shiroq” nomli tarixiy film suratga olish ishlari yakunlandi

MOSKVA, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Kinobusiness.com” nashrida “O‘zbekistonda “Shiroq” tarixiy filmini suratga olish ishlari yakunlandi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, mazkur kinokartina O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “RAMZ-FILM” kinostudiyasi tomonidan yaratilmoqda. Kartinaning postanovkachi rejissyori — “Avloni”, “Abdulla Oripov” va “Maxtumkuli Fragi” filmlari muallifi Muzaffarxon Erkinov.

Film syujeti sak qabilalari va fors podshohi Doriy I armiyasi o‘rtasidagi qarama-qarshilikka bag‘ishlangan. Qadimgi rivoyatga ko‘ra, Shiroq ismli sak jangchisi qabiladoshlaridan jabr ko‘rgandek ko‘rsatib, fors qo‘shinini suvsiz cho‘lga boshlab borgan va o‘z ona zaminini qutqarish yo‘lida dushmanlar bilan birga halok bo‘lgan. Nashr ta’kidlaganidek, ssenariy qadimgi grek muallifi Polienning “Strategemalar” (“Harbiy hiylalar”) tarixiy manbasiga asoslangan.

Maqolada ishlab chiqarish ko‘lami haqidagi ma’lumotlar ham keltirib o‘tilgan. Sak va forslar davrini qayta jonlantirish uchun 30 dan ortiq dekoratsiya qurilgan, 500 ga yaqin kostyum to‘plami va mingga yaqin rekvizit buyumlari tayyorlangan. Ommaviy sahnalarda ikki mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.

Jang epizodlari, otliqlar harakati va qo‘shinlarning lager turmushini tashkil etishda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi yaqindan ko‘mak berdi. Suratga olish ishlari Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek, “O‘zbekfilm” pavilonlarida bo‘lib o‘tdi.

Maqola yakunida nashr Shiroq obrazi vatanga sadoqat va jasorat ramzi sifatida O‘zbekistonning madaniy xotirasida muhim o‘rin egallashini ta’kidlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish