O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘quv markazlari hamkorligida fuqarolarni yuqori maoshli kasblarga o‘qitish masalalari muhokama qilindi

Noyabr 07, 2026. 11:00 • 2 daq

• 27
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘quv markazlari hamkorligida fuqarolarni yuqori maoshli kasblarga o‘qitish masalalari muhokama qilindi

OQTOV, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tashabbusi bilan O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi vakillari hamda Qozog‘istonning Atirau shahrida joylashgan “APEC Training Center” o‘quv markazi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, ularning kasbiy malakasini oshirish, xalqaro standartlar asosida sertifikatlash hamda tayyorlangan malakali kadrlarni kelgusida Yevropa mehnat bozoriga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.

“APEC Training Center” o‘quv markazida 300 ga yaqin yo‘nalishda kasb-hunarga o‘rgatish tajribasi mavjud bo‘lib, Yevropaning yirik kompaniyalari talablari asosida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Markaz vakillari O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilish va qo‘shma amaliy o‘quv dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.

Shuningdek, uchrashuvda Qozog‘iston kasb-hunar kollejlari, jumladan, Rudniy shahridagi “Tog‘-kon va texnologiyalar kolleji” hamda O‘zbekistonning shu sohadagi ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida Kasbiy ta’lim agentligi, “APEC Training Center” va Bosh konsulxona vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruhi tuzilib, belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish