Britaniya nashri Qoraqalpog‘istonni istiqbolli ekoturizm yo‘nalishi sifatida e’tirof etdi
Iyun 22, 2026. 18:30 • 2 daq
• 83
LONDON, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “Travel” onlayn-jurnalida Qoraqalpog‘iston ekologik jihatdan sayohatchilar uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi, O‘zbekistonning ekologiya masalalari bo‘yicha elchisi Sofi Ibbotsonning ta’kidlashicha, Orol dengizining qurishi va Orolqum sahrosining paydo bo‘lishi sababli iqlim o‘zgarishlarining oldingi safida turgan hudud ayni paytda ekoturizmni rivojlantirish va barqaror tashabbuslar namunasiga aylanmoqda.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT TD va YUNЕP ko‘magida Qoraqalpog‘istonda bioxilma-xillikni saqlash, ekotizimlarni tiklash va mahalliy hamjamiyatlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan. Ekologik turizm mintaqaning iqlim muammolariga e’tiborni jalb qilish hamda ularni moliyalashtirishning muhim vositasi sifatida ko‘rilmoqda.
Orol dengiziga sayyohlik yo‘nalishlari, Orolqum bo‘ylab jip-turlar, “Saygachiy” majmua landshaft buyurtmaxonasi, Sudoche ko‘llar tizimi va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida tabiatni kuzatish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, nashrda Qoraqalpog‘istonning boy madaniy va ilmiy salohiyati, jumladan, Igor Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi, mintaqadagi ekologik muzeylar hamda mintaqaviy iqlim muzeyini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar qayd etilgan.
Jurnalning yozishicha, ekologik loyihalar va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarida, xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida ishtirok etish mintaqaning iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga faol moslashayotgan hudud sifatidagi ijobiy xalqaro obro‘sini shakllantirishga yordam beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi