Logo

Germaniya matbuoti: O‘zbekiston – Yevroosiyoning strategik transport xabiga aylanmoqda

Fevral 05, 2026. 09:22 • 3 daq

96
Germaniya matbuoti: O‘zbekiston – Yevroosiyoning strategik transport xabiga aylanmoqda

BERLIN, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning nufuzli “The European Circle” onlayn nashrida mamlakatimizda transport-logistika sohasidagi jadal transformatsiya jarayonlari haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning xalqaro temir yo‘l koridorlarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini oshirish borasidagi muhim islohotlariga bag‘ishlangan tahliliy maqolada qayd etilishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari Yevroosiyo qitʼasida yangi muqobil transport va logistika yo‘nalishlari rivojlantirish hamda savdo ko‘lamini yanada oshirishga katta hissa qo‘shadi.

Maqolada O‘zbekistonning Yevropa, Osiyo va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi roli alohida urg‘ulangan. Nashr Transport vazirligi maʼlumotlariga tayanib, mamlakatning TRACECA, Xitoy-Qozog‘istonO‘zbekiston va Eronning BandarAbbos portiga chiquvchi yo‘nalishlar orqali xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvini tahlil qiladi.

Nemis nashri O‘zbekistonning soha bo‘yicha tashabbuslari nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratadi. Ayniqsa, Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiquvchi “Transafg‘on temir yo‘li” loyihasi tarixiy voqea sifatida taʼriflangan. U Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va Hind okeani bilan bog‘laydigan va mintaqada savdo aloqalari va iqtisodiyotni o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar ochadigan loyiha, deyiladi nashrda.

Materialda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning texnik parkini yangilash borasidagi dasturlari yuqori baholangan. Xususan, Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd xarid qilinishi, Xitoydan 88 ta yangi lokomotiv sotib olinishi sohadagi keskin burilish sifatida ko‘rsatilgan. Yaqin kelajakda Toshkent–Urganch–Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatlanishini yo‘lga qo‘yish orqali safar vaqtini taxminan 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqartirishga erishish kutilmoqda. Shuningdek, tizimda raqamli texnologiyalarning joriy etilishi natijasida vagonlarga buyurtma berish vaqti 72 soatdan 12 soatgacha tushgani va Toshkent temir yo‘l uzellarida o‘tkazuvchanlik qobiliyati 30 foizga oshgani sohadagi samaradorlikning muhim ko‘rsatkichi sifatida qayd etiladi.

Maqolaning eng diqqatga sazovor qismi  O‘zbekistonning ekologik masʼuliyatiga bag‘ishlangan. Hozirda temir yo‘l tarmog‘ining 70 foizi elektrlashtirilgan bo‘lib, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekani urg‘ulangan. Soha ekspertlarining fikricha, O‘zbekistonning so‘nggi 8 yilda quyosh va shamol energiyasiga kiritgan 17,2 milliard yevro miqdoridagi investitsiyasi temir yo‘llarni “yashil energiya”ga o‘tkazish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Nashrning yozishicha, yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovining rivojlanishi Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayyohlar oqimini 2026-yilga kelib uch barobarga oshirish imkoniyati bashorat qilinmoqda. Kuniga o‘rtacha 30 mingga yaqin yo‘lovchi tashilayotgani sohaning naqadar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.

Germaniya nashrining yozishicha, mamlakat temir yo‘llari shunchaki transport tizimi emas, balki mamlakat iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan biri hamda Yevroosiyo tranzit salohiyatini belgilovchi asosiy omildir. Xalqaro moliya institutlari (EBRD, ADB va World Bank) bilan hamkorlik esa ushbu strategik loyihalarning ishonchliligini yanada oshiradi, deya xulosa qiladi nemis manbasi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish