Logo

“BBC News”da “O‘zbekistonda tutqich bermas qor qoplonini qidirish” nomli hujjatli film namoyish qilindi

Mart 05, 2026. 10:44 • 2 daq

110
“BBC News”da “O‘zbekistonda tutqich bermas qor qoplonini qidirish” nomli hujjatli film namoyish qilindi

LONDON, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “BBC News” telekanalida “O‘zbekistonda tutqich bermas qor qoplonini qidirish” nomli hujjatli film namoyish etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“BBC News” telekanalida O‘zbekistonning Hisor qo‘riqxonasida yashaydigan qor qoploni haqidagi hujjatli film namoyish etildi. Ushbu hujjatli film sayyoramizning eng noyob va yashirin yirtqichlaridan biri bo‘lgan qor qoplonini o‘rganish va saqlashga bag‘ishlangan.

Britaniyalik suratga olish guruhi yurtimizning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasining olis hududlariga kirishga muvaffaq bo‘lgan birinchi xalqaro jamoalardan biri bo‘ldi.

Ular o‘zbekistonlik olimlar va qo‘riqxona inspektorlari bilan birgalikda bir necha kun davomida baland tog‘ sharoitida fotoqopqonlar o‘rnatish, izlarni o‘rganish va biologik materiallar to‘plash bilan shug‘ullanishdi. Qattiq iqlim, o‘tish qiyin bo‘lgan relyef va ekstremal past haroratga qaramay, jamoa qor qoplonining mintaqada barqaror mavjudligini tasdiqlovchi noyob kadrlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Filmda deyarli buzilmagan holda saqlanib qolgan Hisor ekotizimiga alohida e’tibor qaratilgan. 800 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallagan qo‘riqxona 270 dan ortiq turdagi hayvonlar va 1,2 mingdan ortiq o‘simlik turlari uchun muhim boshpana bo‘lib qolmoqda. U yerda qor qoplonlarining soni asta-sekin ko‘payib bormoqda va bugungi kunda 60 ga yaqin zotga yetdi, bu esa uzoq muddatli muhofazaning ijobiy ta’siridan dalolat beradi.

Hujjatli film nafaqat “tog‘lar sharpasi”ning noyob kadrlarini namoyish etadi, balki inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning muhim masalalarini ham ko‘taradi.

Mualliflar mahalliy hamjamiyatlar bilan ishlash va tabiatni muhofaza qilish sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratadi. Noyob turlarni muvaffaqiyatli himoya qilish faqat olimlar, davlat va jamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali mumkinligi, qor qoplonini saqlab qolish esa Markaziy Osiyoning nozik tog‘ ekotizimlarini saqlab qolish ramziga aylanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish